Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1948 yilda tug‘ilgan otaxon 2020 yilda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma oldi

Fuqaro Ibodulla Mamarayimov 1948 yil 10 sentyabr kuni Past Darg‘om tumanida tug‘ilganligi, maktabni ham to‘liq tamomlamaganligi, tug‘ilganlik guvohnomasi mavjud emasligi va uni olish uchun bir necha marotaba hujjatlar to‘plaganligi, biroq tashkilotlar o‘rtasida sarson bo‘lganligini bildirgan. Shuningdek, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmaganligi sababli pensiyaga ham chiqa olmaganligi yuzasidan tuman adliya bo‘limiga amaliy yordam berishini so‘rab murojaat qilgan.

Past Darg‘om tumani adliya bo‘limi tomonidan fuqaro Ibodulla Mamarayimovning murojaati asosida o‘rganish olib borilganda, haqiqatdan ham uning nomiga rasmiylashtirilgan biror bir hujjatlari mavjud emasligi aniqlandi.

Xususan, Samarqand viloyati FHDYo arxivi tomonidan 2018 yil 29 oktyabrda 19538-sonli taqdim etilgan ma’lumotnomaga asosan, fuqaro I.Mamarayimovning 1948 yil 10 sentyabrda tug‘ilganligiga oid dalolatnoma yozuvlari 1945-1951 yillar oralig‘ida qayd etilmaganligi, Past Darg‘om tumani 2-FHDYo bo‘limining 2018 yil 5 dekabrdagi xatida esa fuqaroning ko‘rsatilgan sanada tug‘ilganligiga oid dalolatnoma yozuvlari mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Shu jumladan, Past Darg‘om tumani IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining 2020 yil 28 yanvardagi 49/368-sonli ma’lumotnomasi hamda Past Darg‘om tumani Istiqbol MFY tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida fuqaro Ibodulla Mamarayimovning fuqarolik pasporti olmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Natijada, Past Darg‘om tumani 2-FHDYo bo‘limining 2018 yil 5 dekabrdagi xatiga asosan fuqaro I.Mamarayimovga tegishli bo‘lgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini tiklash rad etilgan.

Past Darg‘om tumani adliya bo‘limi tomonidan I.Mamarayimovning  manfaatini ko‘zlab, FIB Past Darg‘om tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha  Past Darg‘om tumanlararo sudining 2020 yil 3 martdagi hal qiluv qarori bilan fuqaro I.Mamarayimovga  tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma rasmiylashtirib berildi.

Mehroj RAUPOV,

Past Darg‘om tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.