Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

2020-2021 o‘quv yili uchun umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga o‘quvchilar qabuli qanday tartibda amalga oshiriladi?

Keyingi o‘quv yili uchun umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga o‘quvchilarni qabul qilish jarayoni o‘rnatilgan tartibda, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 martdagi 140-sonli Qarori talablari asosida har yili iyun-avgust oylarida amalga oshirilishi belgilab berilgan. Ammo bugungi kunda yurtimizdagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda 1-sinfga qabul joriy yilning iyul-avgust oylarida amalga oshiriladi.
Bunda,
- maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)da amalga oshiriladi;
- umumta’lim muassasalarining 1-sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi;
- joriy yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, 1-sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta’lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qishga jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boradi;
- maktab yoshidagi bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Bolalarni umumta’lim muassasasining 1-sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan quyidagi hujjatlar topshiriladi:
- ota-onalar tomonidan umumta’lim muassasasi direktori nomiga ariza;
- ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy propiskasi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi ko‘rsatilgan holda);
- bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
- bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
- bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.

Bolalar umumta’lim muassasasining 1-sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi (musiqa va san’atga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bundan mustasno).
Ma’lumot o‘rnida yangi o‘quv yilida viloyatimizdagi umumta’lim maktablariga 76895 nafar o‘quvchilar qabul qilinishi prognoz qilingan.

G‘ayrat BOBOXOLOV,
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i.