Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Andijonlik paxtakorlar paxta topshirish rejasini bajarishdi

Andijon viloyati paxtakorlari joriy yil uchun belgilangan paxta topshirish shartnomaviy rejasini muvaffaqiyatli bajardi. Viloyat paxtakorlari davlat qabul punktlariga 240 ming 800 tonnadan ortiq paxta xom ashyosi yetkazib berdi. Hosilning asosiy qismi yuqori navlarga sotildi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida klaster tizimining joriy etilayotgani qisqa fursatlarda o‘z samarasini berdi. Joriy yilda Andijon viloyatining to‘qqizta tumanida ana shu tizim asosida ish tashkil etildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu yil yozning issiq kelgani, qolaversa, dehqonlarning zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarganliklari, eng asosiysi, yerga mehr berib, sidqidildan ish olib borgani tufayli viloyatdagi aksariyat fermer xo‘jaliklarida paxtadan mo‘l hosil olindi.

Andijonliklar ushbu natija bilan to‘xtab qolmaydi. Dalalarda hosil hali mo‘l. Yetishtirilgan paxta hosilini oxirgi misqoligacha yig‘ib-terib olish uchun bor imkoniyatlarni ishga soladi.