Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Antiseptiklar haqida faktlar va uni uy sharoitida tayyorlash usuli

Do‘konlarda sanitayzerlarga talab oshib ketdi. Bu tushunarli holat, albatta. Chunki koronavirus pandemiyasi hali to‘xtagani yo‘q. Qolaversa, ikkinchi to‘lqin kelishidan barcha xavotirda.

Agar qo‘llarni sovunlab, yaxshilab yuvish yoki antiseptik vositadan foydalanish o‘rtasida tanlashga to‘g‘ri kelsa, birinchisini tanlagan ma’qul. Biroq qo‘lni yuvish imkoni har doim ham bo‘lavermaydi. Shunday hollarda antiseptik vositalar yordamga keladi.

Muhim! Yog‘li va judayam kir qo‘llarni antiseptik vositalar bilan tozalash mumkin. Biroq bu kam samara beradi. Sababi, mikrob va viruslarning ko‘p qismi qo‘lda qolib ketadi. Mazkur fakt antimikrobial faollikni o‘rganish tadqiqoti bilan tasdiqlangan.

Uy sharoitida tayyorlangan dezifeksiyalovchi vositalardan foydalanganda spirt konsentratsiyasi 40 foiz va undan yuqori bo‘lgan taqdirdagina samarador bo‘ladi. Biroq ayrim mutaxassislar antiseptik vosita tarkibida kamida 60 foiz spirt bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.

Muhim! Toza, 90 foizli spirtning o‘zidan qo‘lni tozalash uchun foydalanish mumkin emas. Spirt teri namligini keskin kamaytirib yuboradi.

Uy sharoitida antiseptik vositani tayyorlash usuli

Uy sharoitida antiseptik vosita tayyorlash uchun quyidagilar kerak bo‘ladi:

-  1 litr sig‘imdagi idish;

-  800 ml. spirt;

-  40 ml. xlorgeksidin yoki vodorod peroksid (3 foizdan kam bo‘lmagan);

-  15 ml. glitserin;

-  20 ml. iliq suv;

Kichik idish uchun:

-  100 ml. spirt;

-  10 ml. xlorgeksidin yoki vodorod peroksid;

-  5 ml. glitserin.

Barcha tarkibiy qismlarni idishga quyamiz, idish qopqog‘ini qattiq yopib kuch bilan chayqaymiz.

Yana qanday vositalarni antiseptik tarkibiga qo‘shsa bo‘ladi?

Qo‘lingiz terisi doimiy antiseptikdan foydalanish ta’sirida quruqlashib qolmasin, desangiz uning tarkibiga turli efir yog‘larini qo‘shsangiz bo‘ladi. Bundan tashqari, efir yog‘i o‘zidan xushbo‘y hid taratadi. Shu sababli efir yog‘i qo‘shilgan antiseptikdan foydalansangiz dimog‘ingizni spirt hidi behuzur qilmaydi. Buning uchun 1-2 tomchi efir yog‘i yetarli bo‘ladi.

Aloe guli sharbati – bu faol moddalar konsentrati. U antibakterial ta’sirga ega. Agar uyingizda shunday gul bo‘lsa, unda uning 30 ml. sharbatini o‘zingiz tayyorlagan antiseptik vositaga aralashtirib yuboring. Aga aloe sharbatini ololmasangiz u holda 1-2 dona gul shohini go‘sht maydalagichdan o‘tkazib aralashtirsangiz ham bo‘ladi.