Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Barcha oila baxtiyor bo‘lishi uchun...

Hayotda kuzatgansiz: kimdir kelin tanlashda uning chiroyini o‘lchov qilib olsa, boshqasi bo‘lajak kelinning moliga qiziqadi, uchinchisi hasab va nasabiga e’tibor beradi va hokazo. Shuningdek, kuyov tanlashda ham gohida kuyovning mansabiga yoki boyligiga, ba’zida kuch-quvvatiga yoki chiroyiga uchadilar.

Azaldan muqaddas sanalgan oila qo‘rg‘onini qurishda bu ikki jihat qanchalik muhim ahamiyatga ega?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Baxtiyor oila sirlari” kitobida qayd etilishicha, munosib kelin tanlashda dindorligi, solihaligi, bolaga mehribon va erga rioyali bo‘lish, bokiraligi, itoatkorligi muhim ahamiyatga egaligi qayd etilib ota-onalarga mo‘mina-muslima, jajji qizlarimizni yoshligidan zikr etilgan oliymaqom sifatlarni o‘zida mujassam qilib tarbiyalashga harakat qilish lozimligi uqtirilgan.

Shuningdek, oila qurishda faqat kuyov taraf kelin tanlash huquqiga ega emas, balki kelin ham kuyov tanlash huquqiga egaligi ta’kidlangan. Chunki oila ko‘ngilga bog‘liq ma’naviy va ruhiy aloqa, bunda ikki tomon birdek ishtirok etmasa yaxshilikka erishib bo‘lmas, oilaga er qanchalik zarur bo‘lsa, ayol ham shunchalik zarur ekan.

Kitobda kuyov tanlashda quyidagi sifatlar - dindorligi, taqvodorligi, husni- xulqi, oila mas’uliyatini ado etish qobiliyati, kelinning tengi bo‘lishi, bunda yoshi, ijtimoiy holati va shunga o‘xshash jihatlar ko‘zda tutilgan.

Albatta, har bir oilada er-xotin tinch-totuv, ahil-inoq baxt nashidasini surib yashashi ayni muddaodir. Hamma oila ham shuni istashi turgan gap. Biroq oila a’zolari, xususan, er-xotin o‘rtasida tushunmovchilik, kelishmovchilik va urush-janjallar chiqib turishi tabiiy. Ushbu holatni to‘g‘ri hal qilish esa oila va uning a’zolari saodatiga xizmat qiladigan muhim omil.

Davlatimiz rahbari tomonidan oila va nikoh masalalarida chiqarilgan qator qaror va farmonlarda ayni shu jihatga e’tibor qaratilgan. Mazkur hujjatlar asosida esa Oliy sud hamda tegishli tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari hamda qo‘shma ko‘rsatmalar imzolangan. Ularda sudlarda ko‘riladigan fuqarolik ishlarini o‘zaro yarashuv institutini qo‘llagan holda yakunlash yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Shu jihatdan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi tomonidan joriy yilning 4 oyi davomida 50 dan ortiq fuqarolik ishlari taraflarning o‘zaro yarashganligi sababli yurituvdan tugatildi. Ushbu oilalarning o‘rtacha ikki nafardan farzandi borligini hisobga olsak, 100 ga yaqin bola tirik yetim bo‘lishining oldi olindi.

Kamol NAMOZOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi.