Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Beshkondagi 600 o‘rinli maktab nega 330 o‘rinli bo‘lib qolgan?

Biri bor ekan, biri yo‘q ekan... Yaqin o‘tgan zamonda, ya’ni 2005 yilda Urgut tumanining Beshkon mahallasida 44-umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangi binosi qurilib foydalanishga topshirilgan ekan. Oradan 15 yilga yaqin vaqt o‘tibdiki, bu zamonaviy maktab mahalla ahli farzandlariga xizmat qilib kelmoqda. Maktabning eski binosi haqida gap ketsa, yosh avlod ertak, deb o‘ylashi tabiiy. Sababi u yog‘ochdan qurilgan qadimiy bino bo‘lgan ekan.

Kunlarning birida shu xususida gaplar qulog‘imizga chalinib, maktabning o‘tmishi va buguni haqida bir maqola tayyorlash istagida ijodiy guruhimiz bilan Beshkon tomon yo‘l oldik.

Mazkur ta’lim muassasasi binosiga kiraverishda maktab pasportiga ko‘zimiz tushdi: “Umumiy quvvati 600, kontingenti 565 o‘quvchi, ta’lim ikki navbatda olib boriladi”. Maktabda kichik bo‘lsa-da kutubxona, informatika xonasi, kattagina sport zali bor ekan. Ammo oshxonasi, faollar zali yo‘q ekan. Fizika, biologiya, kimyo laboratoriya xonalari bor ekanu asbob-uskunalardan foydalanishning iloji yo‘q ekan. Biz maktabga borgan paytda direktor o‘rinbosarlari boru direktor yo‘q ekan. Shuning uchun bizga ma’lumotlarni direktor o‘rinbosarlari berdi. 

- Aslida maktabimiz 330 nafar o‘quvchi o‘rniga ega, - deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Mahmud Sulaymonov. – Ayni paytda 719 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Mantiqan o‘ylab qaraydigan bo‘lsak, o‘quvchilarimiz ikki navbatda o‘qiganda ham sinfxonalarimizga sig‘maydi. Biz esa kutubxonani kichikroq xonaga ko‘chirish hisobiga, shuningdek, fizika, kimyo va biologiya laboratoriya xonalaridan sinfxona sifatida foydalanib o‘quvchilar uchun imkoniyat yaratib berganmiz. Hammasi bo‘lib 14 ta sinfxona bor. Birinchi navbatda barcha xonalarda dars o‘tiladi, ikkinchi navbatda esa 12 ta xonadan foydalanamiz. Kunning ikkinchi yarmida bor-yo‘g‘i 2 ta xona to‘garaklar uchun xizmat qiladi.

Maktab uchun zarur bo‘lgan 6 ta qozondan 4 tasi bor, ikkitasi yo‘q ekan. Biz maktabga borgan kuni o‘sha 4 ta qozon ham ishlamay turgan ekan. Shuning uchun ham ayrim sinfxonalardagi dars jarayonlarida o‘quvchilar qishki kiyimlarda o‘tirarkan.

- Bugun kun iliqroq bo‘lganligi uchun qozonlarimizga o‘t yoqmagandik, - deydi maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Saidqul Alponov. – Ikkinchi sabab - keltirilayotgan ko‘mirning sifatsizligi. Ya’ni, aksariyat qismi kukundan iborat, sovuq kunlarga saqlab turish uchun iqtisod qilyapmiz. Qolaversa, ayrim sinfxonalarimizni issiqlik bilan ta’minlashning imkoni yo‘q. Chunki maktabimizda 6 ta qozon bo‘lishi kerak. Bugungi kungacha ikkita qozon keltirilmagan.

Bu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida tuman xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari bilan telefon orqali bog‘landik.

- Haqiqatdan ham hujjatlarda maktab 600 o‘rinli, deb yozilgan, - deydi bo‘lim bosh muhandisi Akmal Xursandov. – Bu maktab binosi maxsus laboratoriya va informatika xonalaridan boshqa darslarni o‘tishda foydalanilmasa, 600 nafar o‘quvchini o‘z bag‘riga sig‘dirishi qiyin. Aslida esa bu mumkin emas. 2020-2022 yillarda Urgut tumanida 4 ta maktab rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan. Biz ishchi guruh tuzib, bu maktab faoliyatini yana bir bor o‘rganamiz. Maktabning issiqlik tizimi masalasida gapiradigan bo‘lsak, o‘tgan yili 4 ta zamonaviy qozon o‘rnatildi. Ayrim xonalar va sport zalni isitish uchun 2 ta qozon zarur. Yangi o‘quv yili oldidan qozonxona muammosi bartaraf etiladi.

Beshkonlik o‘quvchilarning ham, ularga ta’lim berayotgan o‘qituvchilarning ham orzulari bisyor ekan. Jumladan, keng va yorug‘ sinfxonalarda dars o‘tish, chang bosib yotgan laboratoriya asbob-uskunalaridan emin-erkin foydalanish, darsdan keyin, faqat qog‘ozlarda qolib ketayotgan o‘nlab to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni istaydilar. O‘ylaymizki, keyingi maqolamiz Beshkon mahallasidagi 44-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari ham, o‘qituvchilari ham murod-maqsadiga yetibdi, deb tugallanadi.

To‘lqin SIDDIQOV,

"Zarafshon" muxbiri.