Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Biolog olim Abdurashid Jabborov 70 yoshda

2020 yil 25 may kuni Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti, zoologiya kafedrasi mudiri, biologiya fanlari doktori, professor Abdurashid Jabborov 70 yoshga to‘ladi.

A.Jabborov 1950 yil 25 mayda Siyob tumanida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. U Samarqand shahridagi 10-o‘rta maktabda tahsil oldi. Maktabni a’lo baholarga tugatgan Abdurashid Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Universitetni biologiya-zoologiya mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tugatdi. So‘ngra umurtqalilar zoologiyasi kafedrasi qoshidagi zoologiya muzeyiga laborantlik vazifasiga ishga qabul qilindi.

Ilm olishga intiluvchan A.Jabborov M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining umurtqalilar zoologiyasi va qiyosiy anatomiyasi kafedrasining aspiranturasida o‘qidi. 1982 yilning noyabrida taniqli zoolog-olim, professor V.Ilichev rahbarligida biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoya qildi. Uning ilmiy tadqiqotlari munosib baholandi va 1988 yilda “Ittifoq ixtirochisi” faxriy nishoni bilan taqdirlandi.

1983 yil yanvarida A.Jabborov universitet ilmiy-tadqiqot bo‘limining patent va litsenziya bo‘limi mudiri vazifasiga tayinlandi. Shuningdek, u biologiya fakulteti umurtqalilar zoologiyasi kafedrasi assistenti, dotsent va o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari vazifalarida samarali mehnat qildi.

1995-2010 yillar davomida professor A.Jabborov zoologiya kafedrasining mudiri lavozimida ishladi. Uning rahbarligida kafedra jamoasi o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda talay muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Ilmga chanqoq, iqtidorli talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etdi, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etdi. Kafedra qoshidagi zoologiya muzeyi faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida ilmiy loyihalar ishlab chiqdi. Ushbu loyihalar O‘zbekiston fan va texnika davlat qo‘mitasining grantlariga sazovor bo‘ldi. Grantlar muzeyning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zoologik eksponatlarni saqlash, yangilash, ekologik ekspozitsiya va dioramalar yaratish uchun sarflandi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida zoologiya muzeyi yangi qiyofaga ega bo‘lib, oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari talabalari, akademik litsey va maktab o‘quvchilarining zoologiya, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish fanlaridan ochiq darslari o‘tiladigan o‘quv, ilmiy va madaniy markazga aylandi.

2016 yilda u O‘zR FA O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti qoshidagi ilmiy kengashda “O‘zbekistonda qushlar keltirib chiqaradigan biozararlanishlar va ularning oldini olishda ekotexnologik usullarni takomillashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

2018 yildan boshlab professor Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.30.08.2018.V.02.08 raqamli ilmiy kengash va seminar a’zosi, shuningdek, mazkur ilmiy kengash qoshidagi zoologiya fanidan imtihon komissiyasi raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Professor A.Jabborov nafaqat pedagog-ustoz va tadqiqotchi olim sifatida, balki fidoyi jamoatchi sifatida ham katta muvaffaqiyatlarga erishdi. U o‘zining ilmiy-pedagogik faoliyati davrida bir qator o‘quv-uslubiy ishlar, jumladan, hammualliflikda “Biozararlanish” nomli o‘quv qo‘llanma (2009), “Biozararlantirish asoslari” darsligi (2013) “Ekologicheskoye vospitaniye i obrazovaniye studencheskoy molodeji” nomli monografiya (2018), D.Dyusberining «Osnovi povedeniya jivotnix» darsligining o‘zbek tiliga tarjimasi (2019), 20 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 2 ta elektron darslik, o‘quv qo‘llanmalar tayyorladi. A.Jabborov 300 dan ortiq ilmiy maqolalar, o‘quv-uslubiy ishlar muallifi, 3 ta mualliflik guvohnomasi va patent sohibidir.

Professor A.Jabborov bir oilaning mehribon sardori – 2 nafar o‘g‘li, kelinlari va 5 nafar nabirasi bor.

Universitet rahbariyati, biologiya fakulteti va zoologiya kafedrasi jamoalari ustozning 70 yilligi va ilmiy-pedagogik faoliyatining 50 yilligi munosabati bilan chin qalbdan tabriklaydi. Unga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, o‘sib kelayotgan yosh avlodni bilimli, vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashdek sharafli ishda hormay-tolmay mehnat qilishini tilab qoladi.

Abdunabi MAMAShUKUROV,

Jasur QUDRATOV,

Fazliddin HALIMOV, Samarqand davlat universiteti dotsentlari.