Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Biz o‘zbekcha gaplashamiz”

Randir YuSUPOV, Samarqand viloyati turk milliy madaniy markazi raisi:

- Bugungi kunda Samarqandda yahudiy, arman, ozarbayjon, arab, rus, tojik, tatar-boshqird, polyak, nemis, koreys kabi milliy madaniy markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shular orasida bizning turk milliy madaniy markazimizning ham alohida o‘rni bor.

Viloyatimizda yashayotgan turk millatiga mansub aholi to‘liq o‘zbek tilini biladi. Ular xoh o‘zbek ma’rakalari bo‘lsin, xoh turk marosimlari bo‘lsin birday ishtirok etadi. O‘zbek tilida biyron gapiradi, she’r-g‘azallar o‘qiydi.

Azaldan do‘stlik va tinchlikni ardoqlagan millatimiz yangi O‘zbekistonni qurish va rivojlantirishda o‘zbek qardoshlarimiz bilan bir safda shijoat bilan ishtirok etadi.

***

Foziljon Shukurov, Samarqand davlat universiteti xorijiy sharq tillari kafedrasi o‘qituvchisi:

- Bugungi kunda Samarqand viloyatida 300 ming nafar atrofida tojik millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Men ham shu millat vakillaridan biriman.

Hozirda Samarqand davlat universitetining yettita fakultetida tojik tilida tahsil olayotgan guruhlar bor. Har bir kursda o‘rtacha 100 nafardan, bakalavriat yo‘nalishida jami 400 ga yaqin talaba tojik tili bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim oladi. Shuningdek, magistratura yo‘nalishida ham o‘nlab talabalar o‘zbek-tojik madaniyati, ta’limi, ilmi bo‘yicha izlanishlar olib boryapti.

O‘zbek tili boy, serjilo va go‘zal til. U asrlar osha sayqal topib kelmoqda. Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy boshqa tillarni kamsitmagan holda o‘zbek tilining naqadar boy til ekanligini ko‘rsatib bergan va shoh asarlari bilan buni isbotlagan. Men ham Navoiy g‘azallari, shu bilan birga o‘zbek durdona asarlarini o‘zbek tilidan tojik tiliga, forscha asarlarni esa tojik tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilaman. Ayni paytda yurtimizning taniqli shoirlarining she’rlaridan iborat to‘plamni tojik tiliga tarjima qilib, chop ettirish arafasida turibman.

***

Zulxumor KARIMOVA, Samarqand shahridagi 51-nemis tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori:

- Viloyatimizda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1 tasida tojik, 28 tasida o‘zbek-tojik, 85 tasida o‘zbek-rus, 4 tasida o‘zbek-rus-tojik tillarida dars mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Bizning 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabi esa 2001 yildan buyon nemis tiliga ixtisoslashgan. 2019 yil yanvar oyida ta’lim muassasamizga nemis faylasufi, tilshunos olim Fridrix Vilhelm fon Xumboldt nomi berildi. Bu esa Germaniya va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida ilm-fan, ta’lim sohasidagi aloqalarni, shu bilan birga o‘zbek va nemis tilini mukammal o‘rganish va yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bilim maskanimizda 2300 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ularga 120 nafar pedagog-murabbiy saboq bersa, shuning 22 nafari aynan nemis tilida dars o‘tadi.

Quvonarlisi, maktabimizda Germaniyadan kelgan professor Galina Loybe xonim ham o‘quvchilarga saboq beradi. Muhimi, u o‘quvchilarga nemis tilini o‘rgatish bilan birga o‘zi ham o‘zbek tilini o‘rganmoqda. Uning garchi nemis talaffusida bo‘lsa-da o‘zbekcha so‘zlashi bizga quvonch baxsh etadi.