Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bu ochiqchasiga “hurmat qilsang, boshga chiqadi” degani emasmi?

Biz ularni doim “katta avlod vakillari” sifatida e’zozlardik. Keksayganda hech kimni yo‘ldan ozdirmasin, el nazaridan qoldirmasin ekan.

Bir guruh  “o‘zbek”  ziyolilarining antiqa taklifidan bugun butun boshli ijtimoiy tarmoqlar “yonib yotibdi!” Essiz, shuncha obro‘, izzat-hurmat! Biz hamisha ehtirom ko‘rsatgan, havas qilgan “millatimizning ishongan tog‘lari” bu bilan nimani isbot qilmoqchi bo‘lgani, nimani sog‘inayotgani har bir kishiga ma’lum.

Ammo ortga yo‘l yo‘qligini bu “aql peshvo”lari bilmaydi,  desangiz ham adashasiz!

Bu shunchaki hurujmi?

Nega bu taklif aynan Rossiya tashqi ishlar vazirining yurtimizga tashrifi arafasida amalga oshirildi?

130 dan ziyod millat va elatlar ahil yashayotgan yurtimizda tinchlikka rahna solish yana kimga kerak bo‘lib qoldi?

Ruslar bizda kamsitilganligini kim ko‘ribdi, kim eshitibdi?

Aksincha, ular hamisha hurmat-izzatda-ku!

300 million aholi so‘zlashadigan rus tilining tashvishi ularga qolibdimi?

Bu til aksariyat tashkilot-korxonalarda  davlat tili bilan deyarli bir maqomda, gazeta-jurnallarimiz ikkita alfavitda chiqib yotgan bo‘lsa?

Savollar ko‘p...

Samarqandlikmiz, bu ko‘hna va qadim shaharda xoh ish jarayonida bo‘lsin, xoh  ko‘chada uch tilda  (o‘zbek, rus, tojik) muloqot olib boriladi. Huquqiy tashkilotda ishlaganimiz bois, targ‘ibot tadbirlarida yoki huquqiy maslahatxonamizga aholidan gohida rus tilida murojaatlar bo‘ladi. Amaldagi qonun talablariga ko‘ra, murojaat qaysi tilda bo‘lsa, o‘sha tilda javob qaytarilishi kerak. Biz albatta shunday qilamiz. Yaqinginada bir tashkilotda huquqiy targ‘ibot tadbirini o‘tkazishga to‘g‘ri kelgandi. Tashkilot rahbari  jamoasida rus tilida so‘zlovchilar ko‘p bo‘lgani uchun  tadbirni rus tilida o‘tkazishni iltimos qildi. Nima ham qila olardik!

O‘ylab qolasan, kishi. Qonunlarimizda bag‘rikenglikni cheklab, biroz qat’iylashish payti keldi, shekilli. O‘zbekistonda yashayapsanmi, marhamat qilib o‘zbek tilini o‘rgan! 

Nega bizni hamisha “ruslashishga”  majburlashadi, iltimos qilishadi,  so‘rashadi!

Nega ularga qat’iy “YO‘Q!”  deb aytolmaymiz.

Bu ochiqchasiga “hurmat qilsang, boshga chiqadi” deganimasmi?

Yaqin tarixdan ma’lumki, ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi uchun qancha mashaqqatlar chekilgan. Bu mashaqqatlar mustaqillik sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam edi, deb  aytish mumkin. O‘zligini o‘zga yurtlardan qidirayotganlar bu xatti-harakatlari bilan millatimizning haqiqiy fidoyilari, ziyolilarini bir maqsad yo‘lida yanada jipslashishga undadi, desak xato emas!

Tahdidlar esa, hamisha bo‘lgan va bo‘laveradi!

Gulchehra BERDIYoROVA,

Iste’molchilar huquqlarini himoya

qilish jamiyatlari viloyat

birlashmasi bo‘lim boshlig‘i.