Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bu yil hayit namozi o‘qilmaydimi?

Jannatmakon o‘lkamizning mo‘min-musulmonlari oylarning sayyidi bo‘lgan Ramazon oyini nihoyatda ko‘tarinki ruhda, kechalarini toat-ibodat, kunduzlarini ro‘zador holda fayzu futuh bilan o‘tkazdilar. Bu oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishdi. Alhamdulillah, Alloh taolo va’da qilgan buyuk mukofotni qabul qilish kuni “Iydi-Fitr”, ya’ni Ramazon hayiti arafasida turibmiz.

Ramazon hayiti dunyodagi millionlab musulmonlar qatori yurtimiz mo‘min-musulmonlari ham katta xursandchilik bilan o‘tkazadigan muborak ayyomdir. Chunki ushbu kun tutgan ro‘zalarimiz qabul etiladigan, Allohning rahmati va fazli yer yuziga mo‘l-ko‘l yog‘iladigan, Allohga qullik va itoatda qalblarimiz zavqlanadigan ajoyib vaqtdir. Shu bois Islomning shiori bo‘lgan ikki bayram - Ramazon hayiti va Qurbon hayitida xursandchiligimizni, saxovatimizni va yuksak odob-axloqimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq izhor qilishimiz kerak.

Hozir insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Bugun butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi tarqalgan. Epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida karantin va bir qator cheklovlar joriy etildi. Yurtimiz ushbu ofatdan ortiqcha talafotlarsiz chiqishga erishmoqda va vaziyat barqarorlashgani sari karantin choralari sekin-asta yumshatilmoqda. Lekin butun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yangi turdagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kecha qabul qilingan “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ham bu yilgi Ramazon hayitini karantin talablariga muvofiq, xalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda o‘tkazish zarurligi belgilandi.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Ramazon hayiti namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozi ado etish soqit bo‘ladi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Ramazon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bir sunnatlarini hayotga joriy etish maqsadga muvofiq.

Abu Sa’id raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Iyd namozidan avval nafl namoz o‘qimasdilar. Qachon uylariga qaytsalar ikki rakat namoz o‘qirdilar” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Hanafiy mazhabining mo‘’tabar fiqhiy manbalaridan biri bo‘lmish “Majma’ul anhur” kitobida shunday deyiladi:

 “Ma’lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal”.

Bayon etilgan shar’iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharotida Ramazon hayitini nishonlash bo‘yicha quyidagi tavsiyani taqdim etadi:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi fatvosi asosida masjidlarda karantin davrida vaqtincha jamoat namozlari to‘xtatilganini inobatga olgan holda Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini o‘qish ham mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘ladi. Yurtdoshlarimizga hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin, ya’ni quyosh chiqqandan yarim soatdan so‘ng 2020 yil 24 may soat 5:30 o‘z xonadonlarida to‘rt rakatli nafl namozi o‘qishlari tavsiya etiladi.

Alloh taolo barchalarimizga Ramazon hayitini muborak qilsin! Bu kunni bayram qilib, savobli amallarni ko‘plab qilishni Yaratganning o‘zi nasib aylasin! Yurtimiz tinchligini bardavom qilib, xotirjamlikda ibodat qilib borishni barchalarimizga nasib etsin! Omin.

Zayniddin EShONQULOV,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.