Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun ham o‘zgarmasak...

MUNOSABAT

Dunyoning taraqqiy topgan mamlakatlarida davlat rahbarining parlamentga murojaat bilan chiqishi uzoq yillik tarixga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi O‘zbekiston bugun dunyo hamjamiyatining to‘laqonli va faol a’zosiga aylanayotganidan dalolat beradi.​ 

Istiqlol sharoitida o‘tayotgan umrimizning har yili, tabiiyki,bir-biridan farq qiladi. Shu ma’noda yakunlangan 2018 yildan mamnun bo‘lsak arziydi. Davlatimiz rahbarining BMT minbaridan turib, Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”deb nomlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi dunyo hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Insoniyatning bu yorug‘ olamda tinch-totuv, ahil-inoq yashashi uchun g‘oyat zarur bo‘lgan bu tarixiy hujjat O‘zbekiston nufuzini yanada oshirdi. Shavkat Mirziyoyevning dunyo mamlakatlari, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy, iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishdagi jasoratli xizmatlari rasman e’tirof etilmoqda. 

Bir yil tarixan qisqa davr. Ammo uning har kuni, har soatidan unumli foydalanish kutilgan samaralarga olib kelishi aniq. 2018 yili tashqi siyosat sohasida yangi sermazmun sahifalar ochildi, qator xorijiy davlatlar, birinchi navbatda,qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalar tiklandi. Yo‘llardagi sun’iy to‘siqlar olib tashlangani O‘zbekiston rahbarining yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hurmat-ehtiromga asoslangan yangi siyosati ma’no-mohiyatini dunyoga namoyon etdi. Odamlarning talab-istaklarini ro‘yobga chiqarish, ularni eshitish, huquq va manfaatlarini ta’minlash yangi siyosatning muhim yo‘nalishiga aylandi. Davlatimiz rahbari islohotlarni 2019 yilda ham izchillik bilan davom ettirish zarurligini uqdirmoqda. Bundan anglashiladiki, jamiyatning har bir a’zosi o‘zini yurtimizda kechayotgan jarayonlarga bevosita daxldor deb his qilishi zarur. 

Yil davomida hayotimizda jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Yirik sanoat ob’yektlarining ishga tushirilishi, 336 ming ish o‘rinlari yaratilgani,shahar va qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va ko‘p qavatli uy-joylar foydalanishga topshirilgani, aholining daromadlari 12 foizga oshgani, shubhasiz, katta yutuq. Mamlakatimizda yosh oilalar har jihatdan qo‘llab quvvatlanayotgani, ularga va nogironlarga uy-joy berilayotgani, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan ayollarga qo‘shimcha ijtimoiy yordam ko‘rsatilayotgani dunyo miqyosida olganda ham yangilikdir. 

O‘zbekiston bugun davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, milliy taraqqiyotga erishishning boshqa samarali yo‘li yo‘q. Zamon shiddat bilan rivojlanib bormoqda, endilikda jamiyatga yangi fikr, yangi g‘oya, yangi innovatsion siyosat, yangi yetuk kadrlar zarur. Busiz ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Bunday yo‘lni tanlaganlar, shubhasiz, yutadi. 

Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish hech qachon eskimaydigan, kun tartibidan tushmaydigan vazifalardan biri. Shundan kelib chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish vaqti kelganini ta’kidladi.Bu qonunning qabul qilinishi mamlakatda korrupsiya, poraxo‘rlik, ta’magirlik kabi jinoiy xatti-harakatlarning oldini oladi. Davlat o‘z xizmatchisining buguni, ertasi va, umuman, taqdiriga kafil ekan, bunday aynishlarga o‘rin qolmaydi. Mansabdan ketsam tirikchiligim nima bo‘ladi, degan xavotirga tushmaydi. 

Prezident Parlament faoliyatidagi sustkashlikka, tashabbuskorlikning yetishmasligiga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi. Oliy Majlis rahbariyati qonunlar muhokamasiga xalq ommasini yanada keng jalb qilishi, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanishi, Internet tarmog‘ida maxsus “maydoncha”lar yaratishi zarur. Har bir fuqaro davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrini emin-erkin bildirishi uchun “Mening fikrim” maxsus veb-sahifasini tashkil etilishi qanchadan qancha fikr buloqlarining ko‘zini ochadi, donishmand xalqimizda mamlakat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi kuchayadi, ma’naviy uyg‘oqlik yuzaga keladi, muammolarning yechim yo‘llari topiladi 

Murojaatda davlatning funksiya va vakolatlari haddan tashqari markazlashib ketgani ro‘y-rost aytildi. Darhaqiqat, bu usuldan voz kechish zarur. Yurtboshimizning viloyat, shahar va tuman hokimlariga ko‘proq mustaqillik berish to‘g‘risidagi taklifini tadbir ishtirokchilari mamnuniyat bilan kutib oldilar. Negaki, har qanday markazlashuv zamirida quyiga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati yotadi. Tuman hayotiga taalluqli oddiy bir muammoni markaziy idoralar orqali hal etish, buning uchun qanchadan-qancha qog‘oz qoralash, navbat kutish, imzo qo‘ydirish, dimog‘dor “to‘ra”larning qabulxonalarida sarg‘ayib o‘tirish jamiyatning bugungi ma’naviy darajasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. 

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari 2019 yilga “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish” yili, deb nom berishni taklif etdi. Bugun xorijiy sarmoyalarsiz, kuchli ijtimoiy siyosatsiz mamlakatni rivojlantirib bo‘lmaydi. O‘z mablag‘ini boshqa bir mamlakat iqtisodiyotiga kiritmoqchi bo‘lgan sarmoyadorlarning ishonchini qozonish, buning uchun huquqiy kafolat tizimini shakllantirish zarur bo‘ladi. Murojaatda aytilganidek, bugun har bir kishi, lavozimi va vakolatidan qat’i nazar, o‘z bilimi va mahoratini muttasil oshirib borishi, rahbarlik madaniyatini chuquregallashi zarur. Negaki, bizni chindan ham og‘ir yil kutib turibdi. O‘zimiz harakat qilmasak, o‘zimizni o‘zimiz aldamasak, ishimiz yurishmaydi. 

Murojaatnomani tinglar ekanman, ko‘nglimdan shu mulohazalar o‘tdi. Yil yildan farq qilmoqda, dedik. Xuddi shunday,dunyo ham bugun kechagi dunyo emas. Muhim strategik chorrahalarda eski asrdan ko‘chib o‘tgan, ko‘lami kengayib borayotgan xavfli kurash davom etmoqda. Uning zamirida tabiiy boylik, mo‘may xomashyo zaxiralari tasarrufini qo‘lga kiritish, o‘zga xalqlarning asrlar davomida shakllangan turmush tarzini “isloh” qilish, yoshlar ongi va qalbini egallash uchun ular e’tiqodini susaytirish, befarqlik, mas’uliyatsizlik kasaliga mubtalo qilish maqsadi yotadi. Bunday harakatlar, oshkora emas, turli niqoblar ostida olib boriladi. Hayotiy tajribasi yetarli bo‘lmagan, turmushning og‘ir sinovlariga duch kelmagan, hamma narsaga ishonch va havas ko‘zi bilan qaraydigan yoshlar kutilmagan “iltifot”larga mahliyo bo‘ladilar, oradan hech qancha vaqt o‘tmay niyati buzuq kimsalar qo‘lida o‘yinchoqqa aylanib, ota-bobolariga xos milliy-ma’naviy ildizlardan uzoqlashganlarini sezmay qoladilar. Mafkuraviy xuruj ko‘rinmas ofat yanglig‘ xalq hayotiga kirib keladi,ildiz otadi, odob-axloq qoidalarini yemiradi, xiyonat va sotqinlikka mayl uyg‘otadi. Bundan bexabarlik jamiyatda yangi-yangi muammolarni keltirib chiqaradi. 

Davlatimiz rahbarining xalq bilan muloqot qilish, uni tinglash siyosati e’lon qilinganida, bu yangilikka ayrimlar ajablanib qarashdi. “Odamlar boshingni qotirib tashlaydi, hamma o‘zining muammosini aytadi, boshqani o‘ylamaydi”, deguvchilar ham bo‘ldi. Ne baxtki,muloqotlar chog‘i shaxsiy, maishiy muammolar bilan birga, jamiyat, davlat manfaatlari, millatning sha’ni, Vatanimizning faxri-g‘ururi, yurtimizning kelajagi bilan bog‘liq g‘oyat muhim takliflar kuyunchaklik bilan aytildiki, bu holat odamlarda siyosiy madaniyat, ijtimoiy faollik, yurt mavqeiga daxldorlik tuyg‘usi oshib borayotganining tasdig‘i edi. 

Bugungi sharoitda har bir davlat milliy taraqqiyotga erishish uchun ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishi, kadrlar tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishi zarur. 2018 yilning muhim yutuqlaridan biri davlatimiz rahbarining ilm-fan rivojiga alohida e’tibori bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Falaj ahvolga tushib qolgan Fanlar Akademiyasi tomirlariga jon kirdi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, akademiya tarkibida qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar tashkil etildi. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining soni oshdi, nufuzli xorijiy o‘quv yurtlarining filiallari ish boshladi, kechki va sirtqi bo‘limlar tiklandi. Umrini ilm-fan taraqqiyotiga bag‘ishlagan muhtaram olimlarimizga e’tibor kuchaydi, “Ustoz-shogird” maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oliy o‘quv yurtlari rahbarlariga ma’lum vakolatlar berildi. Eng muhimi, “kvota” degan to‘siq bekor qilindi. Faqat futbolda emas, ilmiy yo‘nalishda ham o‘ziga xos “seleksiya” bilan shug‘ullanish, iqtidorli yoshlarni imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilish boshlandi. Viloyatlarda Prezident maktablari tashkil etilmoqda. Ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi “Ilhom” jamoat fondining tashkil etilishi,madaniyat va san’at muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida “Do‘stlar klublari” faoliyat boshlagani ham yilning quvonchli voqealari safidan joy oldi. 

Murojaatnomani tinglar ekanman, yon daftarimga ushbu fikrlarni yozib qo‘ydim: “Mamlakatda ishonchli investitsiya muhitini yaratish kerak. O‘zbekiston har jihatdan ishonchli mavqega ega bo‘lsagina, sarmoyadorlar safi kengayadi. Buning uchun ular bilan ishlashga doir jahon tajribasini o‘rganish zarur. Har bir rahbar shu muhitni yaratishga hissa qo‘shishi, buning uchun o‘z ustida ishlashi, malakasini oshirishi, zarur bo‘lsa, ilg‘or fikrlovchi yoshlardan ham nimalarnidir o‘rganishi lozim. Dunyo kun sayin o‘zgarib bormoqda. Bu jarayondan orqada qolib ketgan rahbar, nainki biror lavozimda, shaxsiy hayotida ham orqada qolib ketadi. Iqtisodiyotda bozor munosabatlariga to‘la o‘tmoqdamizmi, uning yozilgan va yozilmagan qonunlariga to‘la amal qilishimiz talab etiladi. Hammaga bir xil sharoit yaratilishi,“erkatoy”, tanqid va nazoratdan xoli tashkilotlar bo‘lmasligi zarur”. 

Dunyo davlatchiligi tarixidan ma’lumki, milliy taraqqiyotga erishish uchun jamiyatning ma’lum qatlami vakillari emas, ular bilan birga barcha-barcha birgalikda, bir maqsad yo‘lida ishonch bilan harakat qilmoqlari darkor. Bugun O‘zbekiston, uning ko‘pmillatli xalqi ayni shu tuyg‘u, shu ishonch bilan yashamoqda. Yurtimiz ibrat va havas manziliga aylanib borayotir.Og‘ir sinovlardan omilkorlik bilan o‘ta olishimizni, mamlakat iqtisodiyotining buguni va ertangi istiqbolini, moddiy va ma’naviy “zahira”larimizni, yana nimalarga qodirligimizni yaxshi bilamiz. Shu bilan birga, oldimizda yanada mas’uliyatli vazifalar turganini ham tasavvur etamiz. Bu vazifalar Murojaatnomada aniq-ravshan aytib o‘tildi: mamlakatda qat’iy tartib-intizom o‘rnatilishi, ijro madaniyati kuchayishi, iqtisodiy o‘sish sur’ati oshishi, inflyasiya jilovlanishi, dunyo mamlakatlarining iqtisodiy tajribasini o‘rganish, statistika yuritishni erkinlashtirish (bu juda og‘ir vazifa), soliq to‘lash madaniyatini oshirish, loqaydlik, dangasalik, boqibeg‘amlikka barham berish zarur. Aholi salomatligini saqlash, halol mehnatni rag‘batlantirish, har sohada sog‘lom raqobat bo‘lishiga erishish muhim. Tashkilotlardan birining mas’ul xodimi teleekran orqali yil davomida qancha kishiga nogironlar aravachasi tarqatilganini yutuq sifatida aytganidan ko‘ra, bu nuqsonning oldini olish yo‘lida qanday profilaktika ishlari olib borilayotgani xususida gapirganida, test markazi xodimi “Oliygohlar binolari, yo‘laklar va auditoriyalarga qancha kuzatuv apparatlari o‘rnatilganini ma’lum qilganidan ko‘ra, ota-onalarni bu nohalol yo‘llardan qaytarish zarurligini uqdirganida xo‘b ish bo‘lar edi. Bunga esa ommaviy axborot vositalaridan unumli foydalanish orqali erishish mumkin. Jadid bobolarimiz jamiyatda mavjud bo‘lgan (odamlarning fe’l-atvorida ham) muammolarning barchasini targ‘ibot-tashviqot ishlari, bahs-munozara bilan hal qilsa bo‘lishini ko‘p bor ta’kidlashgan. Buning uchun matbuot xalqning o‘y-hayollari, dardu tashvishlariga yaqin bo‘lishi kerak. 

Savol tug‘iladi: matbuotimizda shunday fazilat mavjudmi? OAV bugungi kun nafasi bilan yashamoqdami? Jon-joniga, qon-qoniga singib ketgan haybarakallachilikdan xalos bo‘lishi uchun yana qancha kutish kerak?Umuman, yozma jurnalistikaning bugungi mavqei qanday, kelajagi bormi? 

Matbuot xalq hayoti bilan yaqinlashishga, bugungi kun bilan yashashga, xabarchi maqomini saqlab qolishga, har qalay, harakat qilmoqda, keyingi ikki yil ichida gazeta materiallarining tili bir muncha qayraldi, qayralmoqda, ayrim viloyat, shahar va tuman gazetalarida jur’atli tahlillar, asosli, “jizillatadigan” maqolalar paydo bo‘lmoqda. Ammo shuning o‘zi bilangina qanoatlanib bo‘lmaydi. 

Matbuotning asosiy vazifalaridan biri o‘quvchini, jamiyatni xabardor qilish edi. Hozir ham shunday. Bugun bu funksiyani OAVning kundan kunga faollashib borayotgan yangi tarmog‘i — internet jurnalistikasi qoyilmaqom qilib bajarmoqda. Ertaga, undan keyin ham shunday bo‘ladi. Yozma jurnalistika zimmasiga esa o‘quvchini fikrga da’vat etish, tafakkurini chiniqtirish, voqea-hodisalar mohiyatini to‘g‘ri anglashiga yordam berish vazifasi yuklanadi. Bir misol. Bir yerda devor qulab tushsa, internetda taxminan quyidagicha xabar tarqaladi: “Falon joyda falon imoratning devori qulab tushdi. Qurbon bo‘lganlar va jarohatlanganlar to‘g‘risida ma’lumotlar olingani yo‘q...”. Shu voqea to‘g‘risida xabar yozmoqchi bo‘lgan hurmatli gazeta devor qayerda qurilgani, tuproq tarkibi qandayligi, qurilishda qaysi materiallardan foydalanilgani, bu holat boshqa joylarda takrorlanmasligi uchun nima ish qilish kerakligi xususida mulohaza yuritadi. Yana misol. Internetda “Rossiya Prezidenti poytaxtni ko‘chirish to‘g‘risidagi taklifga rozi bo‘ldi”, degan xabar tarqaldi. Jurnalist mahoratidan o‘zgacha maqsadda foydalanishning ajoyib namunasi! O‘quvchi hayoliga darhol Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari keladi. Oradan bir kun o‘tgach, gazetalardan birida gap uzoq sharq markazini Xabarovskdan Vladivostokka ko‘chirish haqida borayotgani ma’lum qilindi. 

Mayli, shunday ham bo‘lsin, deylik. Ammo milliy jurnalistikani rivojlantirish uchun boshqa sohalardan hasharga kelgan ba’zi mutaxassislar zo‘r berib uqdirishayotganidek, bu ikki yo‘nalish bir-birini yakson qiluvchi musobaqa emas. Har ikkisi ham bir-biri bilan apoq-chapoq bo‘lib yashashga haqli va shunday bo‘lib qoladi ham. “Hurriyat” gazetasidagi fikrimni takrorlayman: bir paytlar televideniye yaratilganida ba’zilar teatrlarning halokatini bashorat qilishgan edi. Ammo bu yangilik tufayli ikki o‘rtada sog‘lom raqobat yuzaga keldi: har ikki tomon bundan manfaatdor bo‘ldi. Yozma va og‘zaki jurnalistika bahsi ham shunday bo‘lishiga ishonchim komil. Faqat... ayrim shartlarga rioya qilinsa bas. 

Ulug‘ vatandoshimiz Ishoqxon Ibrat “Gazet xususida” sarlavhali she’rida shunday yozadi: 

Gazet ko‘rmagan bexabar xalqlar 
Misli o‘lgandir va yo uxlagan. 
Gazet amru ma’ruf etar xalqga, 
Yozar ko‘p xabarlarni etmay nihon.
 

Ibrat domlaning “Sadoi Farg‘ona” gazetasi nashr etila boshlanganida tahririyatga yo‘llagan tabrigida ushbu nashr “Millatimizni taraqqiyga targ‘ib aylasun, so‘zni qilmay afsona”, degan satrlar bor. Shu ikki misolning o‘zida matbuotning asosiy vazifasi aks etib turibdi: gazetalar xalqni taraqqiyotga, ilm-ma’rifatga da’vat etsin, fikri mudrab qolganlarni uyqudan uyg‘otsin, muhim xabarlarni chetlab o‘tmasin, hammasini ochiq-oydin yozsin. Afsonaviy, ya’ni balandparvoz so‘zlarni yozib, haqiqatning yuziga soya solmasin. 

Ushbu satrlarni sharhlashdan avval, gazeta-jurnallarga 2019 yil uchun obuna mavsumi qanday o‘tganiga bir nazar tashlaylik. Ellik yildan ziyod vaqtdan beri matbuot ishiga daxldor bo‘lib yurgan bir qalamkash sifatida kuzatganlarim shu bo‘ldiki, viloyat, shahar va tumanlarimizda gazeta-jurnallarning fidoyi muxlislari, kuyunchak o‘quvchilari bilan birga, obuna desa yuziga chechak, badaniga qizamiq toshadigan, “shu tashvishdan bir amallab qutulib olaylik-da” deguvchi rahbaru rahbarchalar, mutasaddilar ham bag‘oyat ko‘p ekan. Majburiy obunaning bekor qilinishini ular bayramday, uzoq cho‘zilgan qishning o‘rnini bahor egallaganiday qabul qilishdi.Buning uchun ularni ayblash fikridan yiroqman. Ayb o‘zimizda. Ammo... hammamizda emas. Nomi ulug‘, suprasi quruq, so‘zida ma’no-matra yo‘q, boshdan-oyoq havoyi so‘zlardan iborat, bir-birini takrorlaydigan, o‘quvchi ongi va tafakkuriga hech narsa bermaydigan “labbaychi” nashrlar, ularning hamisha ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan muassislari aybdor. Gazetachilik haddan tashqari jo‘nlashib ketdi, qizga, kelinga, kuyov bolaga biror nashr ochib berish to‘ylarimizdagi urflardan biriga aylandi. Oqibatda kadrlar taqchilligi yuzaga keldi. Malakali muharrir, mas’ul kotib, muxbir, dizayner, savodli korrektor topish oson bo‘lmay qoldi. Tanishlarimizdan biri menga murojaat qilib, gazeta ochayotganini aytdi va bosh muharrirlikka biror kishini tavsiya qilishimni so‘radi. “Muharrirni nima qilasiz, korrektor toping, gapning ega-kesimini joyiga qo‘yadigan, kelishiklarni farqlaydigan, bo‘g‘inni to‘g‘ri ko‘chiradigan bo‘lsin”, dedim kinoya qilib. Tushunmadi. Oqibat shu bo‘ldiki, ko‘plab gazetalardan o‘quvchilarning hafsalasi pir bo‘ldi. Mana endi, maktab o‘qituvchilarini majburan obuna qildirish, obuna pulining yarmini “tuya” qilishdek yaramas qoida buzilganida, taassufki, “O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq bir xilda yonadi”, deganlaridek, bundan asosan obro‘li, so‘zi salmoqli nashrlar ziyon ko‘rdi. Viloyatlarimizdan birida kasbdoshim, durustgina lavozim egasi men tomonga asta engashib, “Jahon adabiyoti”ni, “Tafakkur”ni, “Sharq yulduzi”ni, “Hurriyat”ni o‘qimasak, boshqa yana nimani o‘qiymiz. O‘n yildan beri obuna bo‘laman. Hamma sonlari uyimizda saqlanadi. Ammo... bu yil ma’zur tutasiz, ilojim yo‘q. Obuna bilan shug‘ullanganlarni...”, dedi ovozini pasaytirib. 

Bir necha yildan beri respublika “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” o‘quv markazi saboqlarida qatnashaman. Malaka oshirishga asosan maorifchilar kelishadi. Yakunlangan yili umumiy o‘rta maktablarning direktorlari ham kelishdi. Suhbat asnosida ulardan yaqin orada qanday kitoblar o‘qishgani, gazeta-jurnallarning qaysi maqolalari yodlarida qolganini so‘rayman va... bu to‘g‘rida gap ochganimga pushaymon bo‘laman. Chunki, kap-katta odamni izza qilish xunuk ish. Bir-ikki kishini demasa, boshqalarida mutlaqo javob yo‘q. Men ularga bugun kitob, gazeta-jurnal o‘qimay turib, ona tili va adabiyot, tarix, chet tili o‘qituvchilari, ma’naviyatchilar o‘quvchilarga qanday dars o‘tishlari mumkin, deya ajablanib qarayman. Ular bo‘lsa maktab direktorining kundalik tashvishlaridan bexabarligim uchun menga yanada ko‘proq ajablanib qarashadi. 

Alqissa, bir-birimizga ajablanib qarab turaverishdan foyda yo‘q. Nimanidir o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Bu ishni maktab kutubxonalaridan boshlasak, bir vaqtlar o‘zimiz o‘qigan maktablarga bir quchoq kitob, gazeta va jurnallar bilan borib, til, adabiyot, tarix va ma’naviyat darslari qanday o‘tilayotganiga qiziqsak yomon bo‘lmasdi. 

Gazetalarimizning sustligi, muharrirlarning jur’atsizligi, xususiy “qo‘lbola” nashrlarda savodxonlik haminqadarligi haqida gap ochilganda, men jurnalistika fakultetlariga qabul qilish qoidalari xususida o‘ylab ketaman. Xijolatdan yuzimga qizillik yuguradi. Qartani o‘zim ochib qo‘ya qolay:jurnalistika fakultetlariga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarni taxminan ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi — maktabda insho yoki bayonni chiroyli yozadigan, quyi matbuotda xabar va maqolalari e’lon qilingan, ijod qalamiga ega bo‘lay deb qolgan yoshlar. Ikkinchisi — ijodkorlikdan yiroq, faqat quruq yodlash xususiyatiga ega yigit-qizlar. Testdan qaysi guruh o‘tadi? Albatta, ikkinchi guruh. Bu to‘g‘rida televideniyeda jiddiy chiqish qildim. Mutasaddilardan biri e’tiroz bildirdi: “Sizlarning vazifangiz o‘sha quruq yodlovchilarni ham yozishga o‘rgatish”, dedi buyruq ohangida. Hayot ming yil avval isbotlab berganki,buyruq, talab yoki boshqa bir bosim bilan bolani ijodkor qilib bo‘lmaydi. Yaxshi ustoz to‘rt yilda uning qalbidagi nimjon kurtaklarni parvarishlab, ularni yuzaga chiqarishi mumkin, xolos. Qabul qoidalarini o‘zgartirish payti keldi,bu ishni paysalga solmaslik kerak. 

Shu o‘rinda bir taassufimni aytib o‘tay. Bundan to‘rt yil avval abituriyentlardan birining jurnalistika fakultetiga kirish uchun yozgan ijodiy ishini o‘qiganim yodimda. Odatda, ijodiy ishning muallifi, qaysi viloyatdan ekanligi sir tutiladi. Ammo ishni o‘qib bildimki, bu yigitcha surxondaryolik, Shukur Xolmirzayev, Tog‘ay Murod, Mengziyo Safarov asarlarini suv qilib ichib yuborgan, mulohaza yuritishiga qaraganda, maktabni tugatganiga ko‘p yillar bo‘lgan, hayotni chuqur o‘rgangan, hikoya, qissa yozsa yozgudek ijodkor ekan. Jumla tuzish mahorati, detallardan foydalanishi e’tiborimizni tortdi. Imtihon komissiyasining raisi bilan maslahatlashib, inshoni qayta-qayta o‘qib, unga eng yuqori ball qo‘ydik. Ammo... bu ishimizdan foyda chiqmadi. Testdan o‘tolmabdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, o‘sha yili u fakultetga beshinchi marta hujjat topshirgan ekan. Boshqa kelmadi. Biz yo‘qlamadik. Matbuot, balkim badiiy adabiyot yangi bir ovozdan mahrum bo‘lganini hech kim bilgani ham yo‘q. 

Xulosa o‘rnida jurnalistika nazariyasidan kelib chiqib,bir haqiqatni aytishim zarur. Matbuot jamiyatning demokratik institutlaridan biri. Binobarin, jamiyat qanday bo‘lsa, uning institutlari qatori matbuot ham shunday bo‘ladi. Jamiyat oldida turgan vazifalar o‘z-o‘zidan matbuotning ham vazifasiga aylanadi. Ikki yildirki, jamiyat o‘zgarmoqda, tanqidga, o‘rinli mushohadaga ijobiy munosabat paydo bo‘layotir. Davlat odamlarni, odamlar davlatni tinglamoqda. Bu munosabatda shaffoflik, ochiqlik ko‘zga tashlanayotganini ma’rifiy dunyo xushnudlik bilan qayd etmoqda. Maqsad, uzoq kelajakda emas, bugun, ertaga, undan keyin ham hayotdan rozi bo‘lib yashash ekan, o‘zgarish navbati matbuotga kelganini tan olaylik,bu jarayon optimallashtirish, qotib qolgan andozalardan voz kechish bilan uyg‘unlashadigan bo‘lsa, buni ham to‘g‘ri tushunaylik. Adliya vazirligi xodimi sobiq tuzum paytida qabul qilingan, 1993 yildan keyin vazirlikda ro‘yxatdan o‘tmagan jamiki me’yoriy hujjatlar bekor qilinganini ma’lum qildi. Oyoqqa tushov bo‘lib turgan barcha narsalardan voz kechish, ortiqcha novdani kesib tashlash hosilga hosil qo‘shsa qo‘shadiki, bog‘ning umumiy qiyofasiga zarar yetkazmaydi. 

Ahmadjon Meliboyev

O‘zA.