Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugundan “Onlayn bolalar bog‘chasi” loyihasi ish boshladi

Maktabgacha ta’lim vazirligi Milliy teleradiokompaniya bilan hamkorlikda ota-onalarga maktabgacha yoshdagi bolalarga tizimli, foydali va rivojlantiruvchi ta’lim berishda uslubiy yordam berish maqsadida «Onlayn bolalar bog‘chasi» dasturini ishlab chiqdi.

Mazkur loyiha maktabgacha ta’lim tizimining «Ilk qadam» davlat ta’lim standarti asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolajonlarimiz uchun mo‘ljallangan. Endi ota-onalarimiz bog‘cha mashg‘ulotlarini o‘z farzandlari bilan uyda teleekran qarshisida bajarishlari mumkin.

Dastur o‘z ichiga 3-5 yoshdagi bolalar uchun «Ilk qadam», 6 yoshdagi bolalarni maktabga tayyorlash uchun «Aqlvoy» ta’lim loyihalarini qamrab olgan.

20-25 daqiqalik mashg‘ulot mavzusi maktabgacha yoshdagi bolani atrof olamni o‘rganish, ijodiy va ta’lim olish, nutq va mantiqiy qobiliyatlarini rivojlantirishga asoslangan.

«Ilk qadam» dasturiga ko‘ra, bolajonlar uchun quvnoq qahramonlar ishtirokidagi ertalabki badantarbiya, interfaol o‘yin shaklidagi ingliz tili mashg‘uloti, mental arifmetika va matematik hisob asoslari, yosh sayyoh (mitti do‘stlarimiz uchun O‘zbekistonning qadimgi shaharlari haqida ko‘rsatuvlar to‘plami), mitti yordamchi (oshxona taomlari tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari), logoped mashg‘ulotlari namoyish etiladi.

6 yoshdagi bolalarni maktabga tayyorlov mashg‘ulotlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari va milliy qahramonlar ishtirokidagi bolalar ta’lim ko‘rsatuvlari hamda mahorat sinflari asosida tashkil etiladi.

«Ilk qadam» maktabgacha ta’lim mashg‘ulotlari dasturi endi 1 apreldan boshlab har kuni dushanbadan jumagacha soat 8:00 dan 12:00 ga qadar, 6 yoshli bolalar uchun mo‘ljallangan «Aqlvoy» mashg‘ulotlari esa har kuni soat 11:00 va 15:00 da o‘zbek va rus tilida «Bolajon» telekanali orqali efirga uzatiladi.