Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Byudjet tashkilotlari xodimlari maoshiga qo‘shimcha to‘lovlar to‘xtatiladi

«2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Hukumat qarori (232-son, 16.04.2020 yil) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq byudjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga 2020 yilning 16 aprelidan 1 oktyabriga qadar moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hamda direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatib turiladi (tibbiyot, tibbiy-ijtimoiy muassasalar, mehribonlik uylaridan hamda mehnatga haq to‘lashning 1-3 razryadlari qo‘llaniladigan xodimlardan tashqari).

Shuningdek, byudjet tashkilotlarida:

— asosiy vositalarni xarid qilish va kapital ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlar joriy yilning 1 iyuliga qadar to‘xtatiladi va ushbu maqsadlar uchun II chorakda rejalashtirilgan mablag‘lar qisqartiriladi yoki 2020 yilning ikkinchi yarim yilligiga o‘tkaziladi;

— kommunal xizmatlar, oziq-ovqat, qog‘oz va boshqa kanselyariya tovarlari xarid qilish, tadbirlar o‘tkazish, joriy ta’mirlash va boshqa xarajatlar qisqartiriladi.

Qaror bilan respublika va mahalliy byudjetlardan maqbullashtiriladigan xarajatlar tasdiqlandi.