Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Chumchuqli» mahallasi qachon o‘z binosiga ega bo‘ladi?

Samarqand tumani “Chumchuqli” mahalla fuqarolar yig‘inida ishlash uchun yetarli sharoit yo‘q. Mahalladagi choyxonaning bir xonasidan foydalanib kelayotgan yig‘in xodimlari – rais, kotib, posbon, xotin-qizlar bo‘yicha mutaxassis va profilaktika inspektori bir xonada jam bo‘lib, tiqilishib ishlaydi.

Bu haqda tumanda bilmaydigan tashkilot yoki mutasaddi yo‘q, oxirga marta tumandagi Prezidentning Xalq qabulxonasiga murojaat qilib ham jo‘yali javob ololmadik, deyiladi ushbu mahallaning bir guruh fuqarolari tomonidan tahririyatga yo‘llangan murojaatda.

Dardingni kimga aytsang, ayt, bizni bezovta qilma

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand tumanidagi Xalq qabulxonasi murojaatni o‘rganib chiqish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashiga yo‘naltirgan.

Kengash esa Xalq qabulxonasi va murojaatchilarga quyidagicha javob bergan:

“Haqiqatan ham “Chumchuqli” mahalla fuqarolar yig‘ini bugungi kunda 3x5 kvadrat metr bir xonada faoliyat olib borayotganligi, fuqarolar yig‘inidagi mas’ul xodimlarning ishlashida noqulayliklar kelib chiqayotganligi aniqlandi.

Yig‘in raisi F.Qobulovga ushbu murojaatni qonuniy hal etish uchun tuman hokimligi hamda tuman “Yermulkkadastr” xizmati davlat unitar korxonasiga murojaat etishi tushuntirilganligini ma’lum qilamiz.”

Ajab, muammo aniq bo‘lib turgani holda, asosiy faoliyati aynan mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘lgan tashkilot “dardingni kimga aytsang, ayt, bizni bezovta qilma”, qabilida ish tutmayaptimi?

Fuqarolarning o‘zizi o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish (FO‘O‘BOFM) bo‘yicha tuman kengashining raisi tuman hokimi ekanligi inobatga olinsa, javob xatida “bu masalada bizgamas, raisimizga murojaat qiling”, deyilayotgandek?

Albatta, murojaatga javob berishga shoshilgan FO‘O‘BOFM bo‘yicha tuman kengashini, masala “yopilishi”ga sharoit yaratib bergan va beparvolikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarni oqlamoqchi yoki qoralamoqchi emasmiz. Aslida, bu bizning vakolatimizga ham kirmaydi. Ammo bir savol tug‘iladi: «Chumchuqli» mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini bir xonali binoda qachongacha davom ettiradi?..

Yetarli ish sharoiti bo‘lmagan fuqarolar yig‘inidan qanday faoliyat, natija va samara kutish mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Respublika kengashi, «Mahalla» fondi:

2018 yilning 1 dekabrigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar markazlarida «Mahalla markazi» majmualari binolarini, 2021 yilning 1 dekabrigacha fuqarolar yig‘inlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qo‘yilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, ta’mirlash), shuningdek ularni zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va internet tarmoqlari bilan jihozlash;

«Mahalla markazi» majmualarida hududiy kengashlar hamda «Mahalla» fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari, tumanlar va shaharlar bo‘linmalarini joylashtirish choralarini ko‘rsin, deb belgilangan.

Binosi yo‘q mahalla qolmaydi

- 2019 yilda homiylik va mahalliy byudjet hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 84 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga yangi bino qurib berildi, - deydi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Badriddin Nasriyev. – Ayni paytgacha Qo‘shrabot, Paxtachi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar kengashining binosi yo‘q edi. Yaqinda Kattaqo‘rg‘on shahar kengashi uchun yangi bino qurib, foydalanishga topshirildi. Qolgan ikki tumanda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

Demak, endi binolar masalasida butun e’tibor fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga qaratiladi. Shu ma’noda aytish mumkinki, bugungi kunda viloyatda 9 ta mahalla fuqarolar yig‘inining binosi yo‘q, 19 ta mahalla binosida esa xonalari yetishmaydi. Samarqand tumanida Gulobod va Parrandachilik mahalla fuqarolar yig‘inlarining ham binosi yo‘q.

Albatta, qayd etilgan mahallalarda bosqichma-bosqich binolar qurib, fuqarolar yig‘inlari faoliyati uchun zarur sharoit yaratiladi. Bunda tabiiyki, mahalliy hokimlarning e’tibori va amaliy ko‘magiga tayanamiz.

Noto‘g‘ri tushuntirilgan

- Tashkilotga kelganimga ikki yildan oshdi, - deydi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand tuman kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Muyin Nabiyev. – Chumchuqli mahallasidagi holatdan xabarim bor.

Xalq qabulxonasiga yo‘llangan murojaatga javobni noto‘g‘ri tushunishgan. Biz fuqarolar yig‘inini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur choralarni ko‘rayapmiz.

Xususan, mahalla hududidagi Agrosanoat kolleji tugatilib, binosi maktabga berildi. Kollejning qariyb 80 sotix yer maydoni hokimlik zaxirasiga olinmoqda. Masala hal bo‘lgach, ayni shu joydan mahalla uchun ham yer maydoni ajratilib, yangi bino qurib beriladi.

Mutasaddilarning va’dalariga ham ishonamiz va muhimi, Prezidentimizning farmonida belgilangan vazifalar viloyatimizda o‘z vaqtida bajariladi, degan umiddamiz.

Yoqubjon MARQAYeV.