Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat xizmatlari sohasida nimalar o‘zgardi?

Respublikamizdagi davlat xizmatlari markazlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolarga “Tezkor, qulay, shaffof xizmatlar” tamoyili asosida 120 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimizning tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 820 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 2018 yilda ko‘rsatilgan xizmatlar 478 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 2 barobarga ortdi. Ko‘rsatilgan xizmatlarning aksariyati muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishga ruxsatnoma, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yo‘llanma berish, STIR, elektron raqamli imzo olish kabi xizmatlarga to‘g‘ri keldi.

Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi "Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmoni bo‘yicha davlat xizmatlari markazlariga jami 90 mingga yaqin arizalar kelib tushdi. Ulardan 42 mingga yaqin fuqaroning o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylariga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha hokim qarori qabul qilindi.

Tajriba tariqasida Past Darg‘om tumani davlat xizmatlari markazida milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagisiga almashtirish, tug‘ilganlik va o‘lim haqidagi guvohnomalarni, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suvni hisobga olish uskunasini o‘rnatishga arizalar berish kabi qo‘shimcha 31 ta xizmat turi joriy etildi.  

Markazlar tomonidan 2019 yilning o‘tgan davrida 23 mingdan ortiq (7 mingdan ortiq yuridik, 16 mingga yaqin yakka tartibdagi va 57 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona) tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishda aholiga qulaylik yaratish maqsadida sentyabr oyida Nurobod tumani markazidan 130 kilometr olisda joylashgan Sahoba va Qo‘shrabot tumani markazidan 120 kilometr uzoqlikda joylashgan Jombuloq mahallalarida davlat xizmatlari markazlarining filiallari tashkil etildi. Haftaning seshanba va juma kunlari ishlaydigan bu filiallarda xodimlarimiz fuqarolarga 1100 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatdi.

2018 yil va joriy yilning o‘tgan davrida boshqarmamiz o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi vakolatli organ va boshqa tashkilotlar tomonidan 30 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, 400 ga yaqin rahbar va mas’ul xodimlar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Kiritilgan 124 ta taqdimnoma natijasida 103 xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan, 17 nafari ishdan ozod etilgan va 224 nafariga ogohnomalar berilgan.  

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 8 maydagi qarorida markazlar uchun davlat xususiy sheriklik shartlari asosida zamonaviy binolar qurish va zaruriy vositalar bilan ta’minlash belgilangan. Qaror ijrosi yuzasidan viloyatimizda Nurobod va Paxtachi tumanlari uchun zamonaviy bino foydalanishga topshirildi. Bulung‘ur, Urgut, Jomboy va Samarqand tumanlarida ham markazlar qurilishi jadal davom etmoqda.  

Faxriddin QO‘LDOShEV,

davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.