Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davronbek Jumaniyozov: Viloyatdagi barcha shifoxonalarda bemorlar zarur oziq-ovqat bilan ta’minlanmoqda

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov Samarqand shahriga transportda kirish va chiqish to‘xtatilganini inobatga olib, ayni paytda viloyat shifoxonalarida davolanayotgan bemorlarning ahvolidan yaqinlari bezovta bo‘lmasliklarini so‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2020 yil 17 martdagi “SOVID-19 koronavirus infeksiyasining respublika hududida tarqalishining oldini olish, kasallikni to‘g‘ri tashxislash va davolash jarayonida profilaktik cheklov tadbirlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bemorlarni ko‘rgani kelgan va boshqa begona shaxslarning davolash-profilaktika muassasalariga kirishi, bemorlarning tashxislash-davolash ishlariga bog‘liq bo‘lmagan shaxslar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlari taqiqlandi. Mazkur qaror e’lon qilinganidan boshlab shifoxonalarda bemorlarning yaqinlari kiritilmaslik tartibi joriy etildi.

Shuning uchun ayni paytda viloyatdagi barcha shifoxonalar, tug‘ruqxonalardagi bemorlar zarur dori-darmon hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlangan. Bemorlar ortidan yaqinlari kelishi shart emas. Ayni paytda Samarqandga kiruvchi va chiquvchi yo‘llar ham yopilganini inobatga olib, tumanlardan kelgan bemorlarning yaqinlari bezovta bo‘lmasliklarini so‘rab qolamiz. Viloyat shifoxonalarida ularning davolanishi va ovqatlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Ayni paytdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda fuqarolarning iloji boricha  uylaridan chiqmasliklari, o‘z hududidagi oilaviy poliklinika va 103 xizmatlari orqali shifokorlarni uylariga chaqirishlarini tavsiya etaman.

O‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling. Ayni paytda uydan chiqmaslik Siz va yaqinlaringiz salomatligi uchun juda muhim!