Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Daydi it va mushuklar qanday ovlanayapti?

Xulosa qilishga shoshilmang: ovlash jarayoni haqida hikoya qilmoqchi emasmiz. Zero, bu hech birimizga qiziq emas.

Biroq sayyohlik markaziga aylantirish rejalashtirilayotgan ko‘hna kentda egasiz, daydi itlar ko‘payib borayotgani ko‘pchilikni tashvishlantirmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marta turli hududlarda daydi itlar ko‘paygani haqidagi xabarlar ham tasdiqlab turibdi.

Zoologiyadan biroz xabari bor odam yaxshi biladi: itlar bir yilda uch marta bolalaydi. Bu ko‘chada yurgan bitta daydi it kelgusi yilda hech bo‘lmaganda 4 ta itdan iborat gala hosil qiladi, degani.

Agar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan maqolalarga e’tibor qilinsa, daydi itlar asosan tongda, tush va kechki paytlarda ko‘p kuzatilgan. Negaki, ayni shu paytda ularda migratsiya jarayoni kuzatiladi. Tabiiy instink tufayli ular xo‘rak bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarga ayni shu vaqtlarda yetib borishga harakat qiladi. Ming afsuski, shaharda bunday joylar ko‘p. Bu alohida mavzu.

Shu ikki misolning o‘zidan Samarqand shahrining goh u, goh bu yerida daydi itlar galasi paydo bo‘lib qolayotgani, tutilayotgan va zaxarli xo‘rak bilan yo‘q qilinayotganiga qaramasdan daydi itlarning kamaymayotgani sababini tushunish mumkin.

Faqat shu omil tufayli Samarqand shahrida daydi itlar ko‘payib ketdimi? Nega ularga qarshi kurashish choralari samara bermayapti?

Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki uch oyida 120 bosh daydi it va mushuklar ovlangan. Bundan tashqari, 129 boshi zaharli xo‘rak berib yo‘q qilingan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan olti oy davomida mos ravishda 210 va 650 boshni tashkil qilgan.

Bir qarashda bu raqamlardan nazoratsiz uy hayvonlarini tutish, ularni belgilangan tartibda yo‘q qilish bo‘yicha ishlar yaxshi olib borilayotganga o‘xshaydi. Aslida ham shundaymi? It ovlovchilar nega daydi it va mushuklarni asosan zaharli xo‘rak yordamida kamaytirishga urinmoqda?

- Xizmat vazifamiz yuzasidan aholi va mutasaddilardan juda ko‘p e’tirozlar bo‘lmoqda, - deydi Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi nazoratsiz hayvonlarni tutish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Tirkashev. – Biroq hech kim bizni tushunishni istamaydi. Bitta daydi itni tutish uchun kamida yarim kun, ayrim vaqtlarda ikki-uch soatlab vaqt ketadi. Bo‘limda 1 ta «Damas» rusumli mashina va 2 nafar xodim bor. Shaharni bir chetida kelib tushgan muammoni hal qilish uchun borganingizda yana boshqa bir chaqiruv kelib qoladi.

Samarqand shahrida hech bo‘lmasa, ikkita brigada tashkil qilinishi kerak. Axir 2000-2001 yilda 12 ta shtat birligimiz va 4 ta avtomashinamiz bor edi. O‘shandan beri Samarqand shahri kengayib borayapti. Biroq bizda shtatlar soni qisqarmoqda.

Mutaxassisning kuyinganicha bor. Joriy yilning may oylarida Obirahmat tomonda bir daydi it 9 kishini qopib, jarohat yetkazgandi. Yaxshiki, nazoratsiz hayvonlarni tutish bo‘limi xodimlari uni tutib ketishgan. Yo‘qsa, kim biladi, u yana qancha odamga jarohat yetkazishi mumkin edi.

Shahrimizni sayyohlik markaziga aylantirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarda bu masalaga ham jiddiy e’tibor qaratish, soha xodimlari sonini oshirish va ular uchun zarur sharoit yaratib berish lozim.

Negaki, Samarqand shahrida ayni paytda 200 dan ziyod mahalla bor. Tarixiy obida, ta’lim muassasalari qancha? Ularda paydo bo‘layotgan nazoratsiz hayvonlarni 2 yoki 3 nafar xodim bilan tutib, zararsizlantirishga ulgurish tabiiyki muammoli masala. Bundan tashqari, bu xodimlar turli tadbirlarga ham jalb etiladi.

O‘ylaymizki, mutasaddilar bu masalani e’tibordan chetda qoldirmaydi.

Yo.GADOYeV.