Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

El netib topgay menikim…

Ulug‘ yozuvchimiz Oybek «Qutlug‘ qon» romanida kishan so‘zini juda o‘rniga qo‘yib ishlatgan. Gulnorga uylanishi masalasini gaplashib o‘tirishganida temirchi Qoratoy Yo‘lchiga qarata «Bilaman, tushunaman, kishanga tobing yo‘q», deydi.

Shunga o‘xshab, xalqimizning endigina qutulgan kishanni yana qayta bo‘yniga ilishga tobi ham, toqati ham yo‘qligini, bu gaplarning tagma’nosi nima ekanligini bugun yurtdoshlarimiz tushunib yetgan. Shuning uchun, mamlakatimizda rus tiliga rasmiy til maqomining berilishiga hech qachon yo‘l qo‘yilmasligiga shubhalanmasa ham bo‘ladi.

Xalqimiz keyingi yillarda hamma sohada ilgarilab ketdi. Dunyoqarashi o‘zgardi. Yashash tarzi, turmush sharoiti kun sayin yaxshilanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mavzuga oid bildirilayotgan fikr-mulohazalar buni yaqqol isbotlab turibdi.

Ammo, bu chiqishdan ham hikmat izlasa bo‘ladi. U xalqimizning o‘z ona tili taqdiriga befarq emasligini yana bir bor isbotladi, yuragidagi gaplarni to‘kib solishga turtki bo‘ldi.

Masalan, men nimani o‘ylayapman. O‘sha qaltis zamonlarda – o‘tgan asrning 80-yillari oxirlarida ijtimoiy-siyosiy vaziyat qanday edi? Hali mustaqilligimiz qo‘lga kiritilmagan paytlarda Oliy Kengash tomonidan o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berishning kun tartibiga qo‘yilishi mustaqillik yo‘lidagi ilk qadamlar emasmidi? Mana shu ilk qadamlar ma’naviy jasorat bo‘lmaganmidi? Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov (oxiratlari obod bo‘lsin!) «Til elni birlashtirishi lozim», degan g‘oya bilan chiqqanida xayolidan nimalar kechgan edi?

Shu savollar atrofida fikr qilganimda ona tilimiz hamma zamonlarda ham bosim va tazyiq ostida taraqqiy etib kelgani ko‘z oldimdan o‘tadi. Xayriyatki, uning o‘z himoyachilari, o‘z fidoyilari bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Ulug‘ Alisher Navoiyning «Muhakamat ul-lug‘atayn» asarining yozilish tarixini bir eslaylik.

Bu ulug‘ ne’matga tazyiq o‘tkazayotganlar tashqaridan bo‘lganda masalaning mohiyatini tushunish oson kechadi. Ammo dushmanlik ichkaridan bo‘lsa-chi? Shunday paytda mening ko‘z oldimga adabiy tilimizni buzayotganlar, unga nisbatan mensimasdan munosabatda bo‘layotganlar keladi. Agar ular boshqa millat vakillari bo‘lsa, bu – tushunarli. Ammo shu millatga mansub bo‘lsa-chi? O‘zingdan chiqqan baloga, qayga borasan da’voga!..

Matbuot va ommaviy axborot vositalari bo‘lgan radio, televideniye, gazeta va jurnallar, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar mamlakatimizda o‘zbek tilining faol iste’molchilari hisoblanadi. Uning adabiyligi va madaniyligini targ‘ib qiluvchilar va namoyish etuvchilar ham aynan shular. Gazeta va jurnallarda, davlat radio va telekanallarida adabiy til me’yorlariga amal qilinayapti. Ammo, ayrim nodavlat telekanallari, ulardagi ayrim ko‘rsatuv va radioeshittirish boshlovchilari (aslida «olib boruvchi» bo‘lishi lozim) tilining butunlay shevachilikka, «votti-votti» asosiga qurilganligini qanday tushunsa bo‘ladi? Bu ularning o‘zbek adabiy tilini bilmasligi debmi yoki ona tiliga bo‘lgan bepisandlik va hurmatsizlik, debmi? Yoki o‘zlarini boshqa o‘zbek shevalari vakillaridan ustun qo‘yishmi? Xuddi rus tiliga rasmiy til maqomini berishni taklif qilib chiqqanlarga o‘xshab, bular ham muayyan maqsadni ko‘zlab shunday qilishadimi yoki shunchaki manmanlik va oliftagarchilikmi? Yoki adabiy tilda gapirish layoqati yetishmaydimi? Axir ommaviy axborot vositalari xalqniki-ku, ularning shaxsiy mulki emas-ku!

Ommaviy axborot vositalari esa bundaylar uchun minbar vazifasini o‘tashi xalqning hamiyatiga tegadigan bir ishdir. Bundan tashqari, ko‘pchilik yoshlar buni «demak, shunday gapirish kerak ekan», deb tushunishadi. Bu esa, muqarrar ravishda adabiy tilning buzilishiga, binobarin, savodsizlikka yo‘l ochadi.

Bas, shunday ekan, bu «ichki diversiya»ga bundan buyog‘iga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki, el tanigan ayrim san’atkorlar yoki jurnalistlar bo‘la turib, hech istihola qilmasdan, mas’uliyat sezmasdan kinolarda, telekanallar minbarida xalq bilan muloqotlarda adabiy tilda gapirishni o‘zlariga ep ko‘rmaydiganlarni til madaniyatidan yiroq  kimsalar, deb hisoblaymiz.

Bugun gap hamjihatlik, bir yoqadan bosh chiqarib ishlash va yashash ustida gap ketayotgan ekan, adabiy til me’yorlariga amal qilishda ham shu tamoyilga suyanish kerak. Bu esa, ayniqsa, el tanigan ziyolilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Biz rus millatini ham, rus tilini ham e’zozlaymiz. Mamlakatimizning bundan keyingi taraqqiyotida xorijiy mamlakat xalqlari bilan izzat-hurmatda bo‘lish, kerak bo‘lsa, ularning tillarini o‘rganish bizga faqat yutuqlar keltiradi. Ammo buning uchun xorijiy tillarning maqomini tafakkur tilimiz, milliy bisotimiz va g‘ururimiz bo‘lgan ona tilimizga huquqiy jihatdan tenglashtirib o‘tirishga aslo hojat yo‘q. Biz ehtiyojimizdan va milliy manfaatimizdan kelib chiqib, ularning hammasini ham o‘rganaveramiz. Undan ko‘ra ichkaridagi ahvolimizni tuzataylik. Marhamat qilib, ona tilimizda to‘g‘ri yozishni va to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganaylik. Insoniylik g‘ururi bilan yonma-yon milliy g‘urur ham borligini unutmaylik. Odamiyligi va g‘ururi bo‘lmagan o‘zbekni dunyoda kim taniydiyu kim tan oladi?

 

Suyun Karimov,

filologiya fanlari doktori,

Samarqand davlat universiteti professori.