Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Epika” haydovchisi YPX xodimini avtomobil kapoti ustida sudradi

Joriy yilning 2 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Epika» rusumli avtomashina YPX inspektorini old kapoti ustida sudrab ketganligi aks etgan video tarqaldi.

IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, videolavha o‘rganilganda, Buxoro viloyati IIB YHXB YPXO 1-safarbar guruhi YPX inspektorlari N.Sharipov va V.Qurbonovlar 2 iyun kuni soat 12:00 larda Buxoro shahridagi “Karvon” buyum bozori oldidan o‘tgan M-37 xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha xizmat olib borayotgan bo‘lishgan.

Xizmat jarayonida N.Sharipov oq rangli «Epika» rusumli transport vositasini YHQning 3.27 «to‘xtash taqiqlangan» yo‘l belgisiga amal qilmay to‘xtaganligi uchun o‘rnatilgan tartibda to‘xtatgan. Inspektor haydovchiga o‘zini tanishtirib, sodir etgan huquqbuzarligini tushuntirgan va avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishini so‘ragan. Shunda haydovchi avtomashina oynalarini ko‘tarib, eshiklarini qulflagan. Bu vaqtda haydovchi qochib ketishining oldini olish maqsadida YPX xodimi V.Qurbonov avtomashina oldida turgan.

Haydovchi esa YPX inspektori turganligiga qaramasdan, harakatni davom ettirgan. YPX inspektori avtomashinaning kapot qismiga osilib qolgan va avtomashina haydovchisi taxminan 10 metr masofagacha harakatlanib, keyin to‘xtagan.

Haydovchining shaxsiga aniqlik kiritilib, voqea joyiga shahar IIB va prokuratura organlari xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi yetib borgan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.