Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgut tumani hokimligi xodimi 15 ming dollar bilan qo‘lga tushdi

Fuqaro I.S. Davlat xavfsizligi xizmati viloyat boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, Urgut tumani hokimligi sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati xodimi N.Sh. va uning sherigi N.I. “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida mavjud zaxira yerlardan 1 gektar yer maydoni ajratib berishi evaziga undan 30 ming AQSh dollari miqdorida pullarni berishini talab qilayotganligini bildirib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan DXX va Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmalari bilan hamkorlikda joriy yilning 20 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda N.Sh. Urgut tumani hokimligi ma’muriy binosi yonida o‘ziga tegishli “Lacetti” rusumli transport vositasida sherigi N.I. bilan fuqaro I.S.dan oldindan kelishilgan 30 ming AQSh dollari miqdoridagi pullardan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Fuqaro N.Sh. va N.I. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati.