Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkak kishi 59 yoshdan pensiyaga chiqsa bo‘ladimi?

O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 3 sentyabrdagi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunining 7-moddasiga asosan umumiy asoslarda erkaklar – 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda hamda ayollar – 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda pensiyaga ega bo‘ladilar.

Agarda fuqaro zararli va og‘ir ishlarda ishlagan bo‘lsa va umumiy ish staji 25 yil bo‘lib shundan maxsus ish staji (mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan davri) 6 yil 3 oy bo‘lgan taqdirda, mazkur qonunning 12-moddasi “b” bandiga asosan imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, ushbu qonunning 14-moddasiga asosan texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar, erkaklar – 58 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda hamda ayollar – 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qonunning 12-moddasi “b” bandiga asosan imtiyozli shartlarda pensiya tayinlashdan tashqari bo‘lgan qolgan barcha hollarda erkak kishiga 59 yoshdan pensiya tayinlash amaldagi qonunchilikda nazarda tutilmagan.