Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ertaga, 11 maydan koronavirus infeksiyasi tarqalishi va bemorlar sog‘ayishi holatidan kelib chiqib tuman va shaharlar darajasidagi toifalarga ajratiladi

Joriy yilning 7 may kuni  o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanib, ijobiy tomonga o‘zgarib borishi bilan, hududlarni toifaga ajratishni tuman va shaharlar darajasida belgilash ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq, Respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalish holatining hududlar kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning davolanish (sog‘ayish) dinamikasi holatidan kelib chiqqan holda, respublika hududlari joriy yilning 11 mayidan e’tiboran TUMAN VA ShAHARLAR DARAJASIDA toifalarga ajratiladi.

Bunda:

 “sariq” va “qizil” toifadagi viloyatlarda koronavirus infeksiyasi umuman aniqlanmagan tumanlar (shaharlar) “yashil” toifaga kiritiladi;

“yashil” yoki “sariq” toifadagi viloyatning biror-bir tumanida (shahrida) koronavirus infeksiyasi aniqlanadigan bo‘lsa, butun viloyatning toifasini o‘zgartirmagan holda, tegishli tumanning (shaharning) o‘zi “qizil” toifaga o‘tkaziladi.

✔ Toshkent shahrini “qizil”, “sariq” va “yashil”  toifalarga ajratish epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining taklifi asosida mahallalar, dahalar, mavzelar kesimida amalga oshirilishi mumkin.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasining tarqalish holatining har bir tuman (shahar) kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning davolanish (sog‘ayish) dinamikasi holatidan kelib chiqqan holda, tuman (shahar)larning toifasini o‘zgartirish yuzasidan doimiy ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga taklif kiritib boradi.

Tuman va shaharlarda ularning toifasidan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri uchun amalga oshirilishi nazarda tutilgan faoliyat turlariga ruxsat beriladi.

❗Muayyan tuman (shahar) “qizil” toifaga o‘tkazilganda, tegishli hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar) toifasidan qat’i nazar ushbu tuman (shahar)da “qizil” toifa uchun nazarda tutilgan barcha karantin cheklovlari to‘liq joriy etiladi.

❗“Yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda savdo majmualari faoliyatiga ijtimoiy masofani saqlagan holda ruxsat beriladi;

bunda ushbu majmualarning attraksion, ko‘ngilochar, ovqatlanish bo‘linmalari, kinoteatr va o‘yin maydonchalari faoliyatiga ruxsat berilmaydi.

Yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashishga hamda sartaroshxona (go‘zallik salonlari) faoliyat yuritishiga faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida “yashil” va “sariq” toifadagi hududlardagina ruxsat beriladi.

❌ Agarda muayyan hudud “qizil” toifaga kirib, uning tarkibidagi tuman (shahar)lar “sariq” va “yashil” toifalarga kirgan taqdirda, ushbu tuman (shaharlar)da yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashishga hamda sartaroshxona (go‘zallik salonlari) faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

❗Tuman (shahar)larni tegishli toifalarga ajratgan holda bosqichma-bosqich bekor qilishda quyidagi talablar saqlab qolinadi:

➖ ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, 3 kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalardan foydalanishi;

➖ ta’lim tashkilotlari (bog‘cha, maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar), o‘quv kurslari faoliyatini yo‘lga qo‘ymaslik;

➖ ko‘ngilochar ob’yektlar — tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;

➖ barcha turdagi ommaviy tadbirlar — konsert, teatr, kinoteatr, muzey, sport tadbirlari, oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni (dafn marosimlari 10-15 kishidan ko‘p bo‘lmagan hollar bundan mustasno) o‘tkazmaslik;

➖ jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;

➖ dehqon bozorlari va oziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa  yirik do‘konlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 S va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini ko‘rish;

➖ barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta’minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini ta’minlash uchun birinchi rahbarlar shaxsan mas’ulligi;

➖ qurilish-ta’mirlash ishlarida ob’yektlarning hududi to‘liq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda ob’yektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilishi, o‘z faoliyatini faqatgina tegishli ob’yekt hududi doirasida tashkil etishi.

O‘z navbatida, “qizil” toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.