Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

E.Turdimov: Yetkazilgan zarar yer sotgan mas’ullardan undiriladi

Viloyat hokimi E.Turdimov Samarqand tumanidagi o‘rmon xo‘jaligi (Xo‘jag‘unjoyish mahallasi) hududidagi yerlarni noqonuniy egallab olgan tadbirkorlar, bu yerda yashayotgan aholi vakillari bilan uchrashdi.

- Men bu yerga bejiz kelmadim, - deya gap boshladi hokim. – Bilasizlar, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand tumanining o‘rmon xo‘jaligi hududida yashayotgan aholi uylari buzilayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Ayting, aslida shundaymi? Yo‘q.

Birinchidan, bu joylar o‘rmon xo‘jaligiga qarashli yer maydoni. Bu yerda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirilishi, o‘rmon tashkil etilishi kerak edi. Faqat 1,25 gektar maydonda o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining vaqtincha yashashlari , dala hovli uchun ruxsat berilgan. Lekin, qani ular? Kim yashayapti bu yerda? Afsuski, bu yer maydonlari keyingi besh-olti yil orasida “tadbirkor”larga noqonuniy tarzda bo‘lib berilgan, sotib yuborilgan.

Ta’kidlash lozimki, viloyat hokimi 2019 yil fevral oyida bu yerga kelib qonunga zid holatlarga barham berish, yerni o‘zlashtirgan “tadbirkor”larga chora ko‘rish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar hamda Samarqand tumani hokimligi va sektor rahbarlariga aniq topshiriqlar bergandi. Ammo ayrim shaxslarning axborotni noto‘g‘ri talqin qilishi, kimlarningdir manfaatiga xizmat qilishi va masalaga bir tomonlama yondoshuvi natijasida aholi o‘rtasida tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda. Aslida qonunan olib qaraydigan bo‘lsak, dala hovli sifatida berilgan maydonda uy-joy qurish mumkin emas. Ammo bu yerda ayrim fuqarolar tomonidan 5 gektargacha maydonni o‘zboshimchalik bilan o‘rab olib, foydalanmasdan kelayotganini hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi.

Vaholanki, 2008 yildan boshlab respublikamizda uy-joy qurish uchun yerlar faqat auksion orqali olinadi. Auksionsiz ma’lum imtiyozi bor fuqarolargagina beriladi va uning eng katta miqdori 0,06 gektarni tashkil etadi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 2019 yildan bu miqdor 0,04 gektar etib belgilandi.

 Viloyat hokimi fuqarolarning murojaatlarini eshitib, ularning ariza va hujjatlari asosida yetkazilgan moddiy zarar hisoblab chiqilishi va shu yerlar hisobidan pul olgan shaxslardan undirib berilishini ta’kidladi. Har qanday mansabdor shaxs, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, g‘ayriqonuniy ishi uchun, aholi esa yerni noqonuniy egallab olgani uchun qonun oldida javob berishini bildirdi.

Noqonuniy egallab olingan yer maydonlari haqida gapirar ekan viloyat hokimi mazkur maydonda kelgusida qurilishi rejalashtirilgan binolar haqida to‘xtaldi.

- Bu yer kamida yuz ming aholi istiqomat qiladigan katta shaharga aylanadi, - dedi E.Turdimov. – Buning uchun Abu Dabi fondidan 300 million dollar miqdorida kredit olganmiz. Bu mablag‘ asosan yo‘l qurilishi va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun sarflanadi. Fransiya kompaniyasi suv va kanalizatsiya tarmoqlarini, Arabiston kompaniyasi yo‘lni qurish bilan shug‘ullanadi. Shaharga kiradigan ikkinchi ko‘cha O‘zbekkenti mahallasidan Bunyodkor ko‘chasi tomon yo‘l o‘tkazgich va katta yo‘l qurilib, M-39 yo‘liga tutashadi. Yana bu yerda 96 milliard so‘mlik loyiha asosida ikki yilda shoshilinch tibbiy yordam majmuasi quriladi. 124 gektarli shaharcha atrofida 40 gektarlik zamonaviy bog‘ va hozirgi 14, 16 qavatli uylarning davomi sifatida 30 qavatli uylar quriladi. Maqsad Samarqand a shahrining tarixiy qismini saqlab qolish, zarur bo‘lganda esa ma’muriy binolarni ham shahar tashqarisiga chiqarishdan iborat.

Shundan so‘ng viloyat hokimi ushbu hududda faoliyat yuritayotgan “Karamel popkorn” oilaviy korxonasida bo‘lib, ish jarayonlari bilan tanishdi. Garchi korxona qonuniy holda faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, bu yer maydonida ish olib borishi mumkin emas. Shuning uchun korxona rahbarlariga faoliyat yuritishlari uchun boshqa hududdan yer maydoni ajratilishi aytildi. Umuman, hududdagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun  boshqa joydan yer ajratib berilishi ularning faoliyati to‘xtatilmasligi ta’kidlandi. 

Viloyat hokimi uchrashuv yakunida dangal gapni aytdi:

- Yer davlatniki, uni talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallab olish, noqonuniy hujjatlar tayyorlash va shu asosda unga egalik qilish aslo kechirilmaydi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.