Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Farmonqul yaqinida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud. Tashabbuskorlar bo‘lsa, ularga yordam berishga tayyormiz

Telegram kanalimizda “Kattasaydovliklar nimadan norozi?” sarlavhasi ostida Payariq tumanidagi Farmonqul qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqarolarning murojaatini e’lon qilgandik. Unda ushbu Kattasaydov mahallasi ahli maktab va bog‘cha yo‘qligidan norozilik bildirgan.

Murojaat bo‘yicha Payariq tumani maktabgacha ta’limi bo‘limi tomonidan quyidagi munosabat bildirildi:

Payariq tumanining “Kattasaydov” mahallasidagi bir guruh fuqarolarning mahallada maktabgacha ta’lim muassasasi qurish haqidagi murojaati Payariq tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqildi.

Tumanimizning Carbozor mahallasi hududida 40-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Tashkilot 1977 yilda qurilgan bo‘lib, Farmonqul qishlog‘i bilan oraliq masofasi 1 kilometrni tashkil etadi. Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotida hozirgi kunda jami 225 nafar tarbilanuvchi ro‘yxatga olingan. Ularning 46 nafari aynan Farmonqul qishlog‘idan.

Bundan tashqari, Kattasaydov mahallasiga yaqin bo‘lgan O‘ymovut mahallasidagi 33-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 150 nafar 3-6 yoshli bolalar qamrab olingan. Tashkilotning Farmonqul qishlog‘i bilan oraliq masofasi 2,5 kilometrni tashkil etadi.

Qolaversa, Farmonqul qishlog‘i bilan birlashib ketgan O‘ymovut mahallasi, Jo‘raboy qishlog‘ida Sanobar Sanaqulova hamda Rovot qishlog‘ida tadbirkor Muhabbat Ibragimovalar tomonidan har biri 25 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Kattasaydov qishlog‘ida tadbirkor Bobir Qo‘ziyev tomonidan tashkil qilingan 25 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda (oraliq masofasi 1,5 kilometr).

Shuningdek, Farmonqul qishlog‘i bilan oraliq masofasi 3 kilometr bo‘lgan Sarbozor mahallasi, Choporoshli qishlog‘ida Muhayyo O‘ralova va O‘rtasaydov qishlog‘ida Yulduz Shakarova tomonidan tashkil qilingan, har biri 25 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.

Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, Kattasaydov mahallasida yashovchi fuqaro Bahodir Qurbonov o‘z xonadonida vazirlik bilan 2019 yil 7 martda tuzilgan 1710-0/09 raqamli bitim va tuman hokimligining 2019 yil 25 martdagi №003-sonli ruxsatnomasiga asosan 2019 yil 1 apreldan boshlab oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etib, faoliyat yuritish huquqiga ega.

Umuman, Kattasaydov mahallasi fuqarolaridan maktabgacha ta’lim tashkiloti ochish istagida bo‘lgan tashabbuskor tadbirkorlar mavjud bo‘lsa, Prezidentimizning 2018 yil 5 apreldagi «Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyuldagi “Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari hamda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarorlariga asosan amaliy yordam ko‘rsatishga tayyormiz.

Farmonqul qishlog‘iga yaqin joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari xaritasi ilova qilinadi.

Payariq tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi.