Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Farzandingiz ayni damda ko‘proq vaqtini nimalarga sarflayapti?

Shu savol bilan telegram kanalimiz orqali muxlislarimiz orasida so‘rovnoma o‘tkazgandik. Unda 759 kishi ishtirok etib, 416 nafari, ya’ni 55 foizi “Onlayn darslarda ishtirok etib, ko‘proq o‘qish bilan band” degan javobni tanlagan.

Ishtirokchilarning 139 nafari “Ko‘p vaqtini uy yumushlariga qarashish, tomorqada ishlash bilan o‘tkazyapti”, 174 nafari yoki 23 foizi “Vaqtini televizorda kino va ko‘rsatuvlar tomosha qilishga sarflayapti” degan javobni belgilagan. So‘rovnomada qatnashgan muxlislar orasida "Uyda qoling!" shioriga amal qilmayapti. Vaqtini ko‘chada o‘tkazyapti”, degan javobni tanlaganlar 4 foizni, ya’ni 30 nafarni tashkil etgan.

Ko‘rinib turibdiki, ishtirokchilarning aksariyati farzandining bilim olish, ko‘proq kitob o‘qish bilan bandligini ma’lum qilgan. Ammo kam bo‘lsa-da ota-onalar orasida farzandlarining ayni karantin davrida uyda qolib, vaqtini mazmunli tashkil etish o‘rniga ko‘chada yurishlarini bildirganlar ham bor. Xo‘sh, nega bolalar karantin paytida ko‘chaga chiqmoqda. To‘g‘ri, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ota-onalari hamrohligida, o‘smir yoshlar erkin holda uy atrofida sayr qilishlariga ruxsat berildi. Ammo bu soatlab ko‘chada bemaqsad yurish degani emas. Qolaversa, 10-14 yoshli bolalar ota-onalari hamrohligisiz yurganlariga nima deysiz?

Xo‘sh, buning sababi nimada? Ko‘pchilikni o‘ylantiradigan savol bu. Ayniqsa, bugungi karantin kunlarida sababsiz ko‘chada yurgan o‘smir-yoshlarning bu ishini oqlab bo‘ladimi? Turli huquqbuzarliklarni ham aynan vaqtini mazmunli sarflamaydiganlar sodir etayotgani sir emas-ku. Shuning uchun farzandlarimizga e’tiborli bo‘laylik, ularni kitobga oshno qilaylik, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsataylik. Shunda ko‘zlagan ezgu maqsadlarimizga erishishimiz mumkin. Shuni unutmaylik!

To‘lqin Siddiqov.