Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Fuqarodan 500 ta niqob, 66 dona antiseptik vosita olib qo‘yildi

Mamlakatimizda koronavirus tufayli e’lon qilingan karantin paytida oziq-ovqat mahsulotolari va zarur tibbiy buyumlar narx-navosi oshib ketishining oldini olish bo‘yicha Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan “Samarqand Shodiyonasi” savdo majmuasiga tutash hududida o‘tkazilgan  nazorat tadbirida fuqaro J.K. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, har xil gigiyenik tovarlar savdosi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi. Natijada, undan 1592,0 ming so‘mlik 500 dona niqob, 66 dona antiseptik mahsulot va 100 dona rezinali qo‘lqop vaqtinchalik saqlash uchun daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

“Siyob dehqon bozori” MChJ xududida o‘tkazilgan nazorat tadbirida ham bir qator fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yildi. Jumladan, B.B. tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan qishloq xo‘jaligi maxsulotlari savdosi bilan shug‘ullanayotganligi ma’lum bo‘ldi. Undan 650,0 ming so‘mlik 56 kilogramm pomidor va 10 kilogramm bodring vaqtinchalik saqlash uchun daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Shuningdek, F.B.ning ham tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan qishloq xo‘jalik mahsuloti savdosi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi. Natijada fuqarodan 370,0 ming so‘mlik 37 kilogramm pomidor  olib qo‘yildi.

Ta’kidlash lozimki, nazorat tadbirlarida faqat noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.