Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Fuqarolarning jinoyat protsessidagi huquq va erkinliklarini muhofaza qilish yanada mustahkamlandi

Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullangan edi. Kecha mazkur Qonun davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga tuzatishlar kiritilgan.

Birinchidan, videoyozuv orqali qayd etilishi shart bo‘lgan, o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti protsessual harakatlar qatoriga shaxsni ushlash, himoyachidan voz kechish, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish qo‘shilgan.

O‘z o‘rnida Kodeksga himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi normasi kiritilib, bu haqda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi hamda advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuzilishi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qo‘yilishi, shuningdek, videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinishi ham qat’iy belgilangan.

Muhimi, bunday protsessual harakatlar amalga oshirilishi jarayonida himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan holi uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilmasligi alohida ta’kidlangan.

Ikkinchidan, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan protsessual majburlov choralarining qo‘llanishi xaqida va uning ushlab turilgan joyi to‘g‘risida oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmasa boshqa qarindoshlari yoki yaqin kishilariga xabar berilishi lozim. Shuningdek, bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma’lum qilish majburiyati Kodeksning avvalgi matnida belgilangan muddatda (24 soatdan kechirmasdan) amalga oshirilishi qayd etilgan bo‘lsa, endi bu majburiyat darhol bajarilishi shart.

Shuningdek, agar ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uy qamog‘iga yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi bo‘lsa, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga darhol xabar berish majburiyati ham belgilangan.

Uchinchidan, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxsni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ushlab turishda, unga nisbatan qo‘llaniladigan protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etish shartligi talabi mustahkamlangan.

Shu bilan birga, shaxsni ushlash videoyozuv vositalarini qo‘llash imkonini bermaydigan turli vaziyatlarda (jinoyat sodir etilgan joyda shaxsni ushlash, qidiruvda yurgan shaxsni ushlash va hokazo) amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olib, JPKning 224-moddasida ushlab turishni videoyozuv orqali qayd etishning majburiyligini belgilovchi qoidaga quyidagilar istisno nazarda tutilgan.

Xususan, shaxsni ushlash, shaxsiy tintuv va olib qo‘yishni o‘tkazishning kechiktirib bo‘lmaydigan hollarida, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Biroq amaliyotda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning binosida o‘tkaziladigan shaxsni ushlash harakati oldindan rejalashtirilishini inobatga olib, ushbu istisno etuvchi qoida shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organlar binosida ushlashga tatbiq etilmasligi qayd qilingan.

Ahamiyatlisi, shaxsni ushlash jarayonida videoyozuv qo‘llanilmagan taqdirda, davlat organi xodimi ushlangan shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organ binosiga olib kelganidan so‘ng, unga huquqlarini videoyozuvga qayd qilgan holda tushuntirishi shartligiga oid qoida qat’iy belgilangan.

Muxtasar qilib aytganda, Qonunning hayotga tatbiq etilishi jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari huquq va erkinliklari himoya qilinishining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Shuhrat ChO‘LLIYeV,

Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga

qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.