Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gaz ta’minotida aksariyat muammolar kadrlar bilan bog‘liq. Ayrim tumanlarda rahbar yo‘q

Kecha o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirmanchi sessiyasida bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Shu jumladan, tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq masala atroflicha muhokama qilindi.

Sessiyada deputatlar o‘zi saylangan hududda gaz yo‘qligi, bor hududlarda ham bosim pastligi, suyultirilgan gaz ballonlarining 80-90 kunda yetkazib berilayotgani va ularning narxi oshib ketayotgani, bu borada ba’zi so‘rovlar javobsiz qolayotganligiga izoh so‘radi.

“Hududgaz Samarqand” MChJ rahbari O.Isoqulov deputatlarning savollariga javob berar ekan, tizimda kadrlarga katta ehtiyoj borligi qayd etdi.

Xususan, Narpay, Qo‘shrabot va Urgut tumani bo‘lim boshlig‘i lavozimiga munosib nomzod topilmayapti. Ta’minotni yaxshilash, buning uchun avtomatlashtirilgan nazorat tizimiga o‘tish uchun 250 ta brigadaga payvandchilar kerak bo‘lmoqda.

U shuningdek, tizimda muammolarni bartaf qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtaldi. Jumladan, o‘tgan uch chorak mobaynida “Gazli”dan belgilangan limitdagi suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmagani uchun “Sho‘rtan” va “Muborak” stansiyalari bilan shartnoma imzolagan. Bu belgilangan miqdorda suyultirilgan gaz ballonlarini keltirishga zamin yaratgan. Transport parkining maksimal ish rejimiga o‘tkazilgani va ish tizimli tashkil etilgani natijasida aholiga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berish muddati ham yaxshilanmoqda. Jumladan, Qo‘shrabot tumanida bugungi kunda bir oy ichida gaz ballonlar almashtirilyapti.

Tabiiy gaz ta’minotida vaziyat sekinlik bilan bo‘lsa-da, yaxshilanmoqda. Misol uchun, viloyatda 8 million 43 ming kub tabiiy gaz iste’moli hisob-kitob qilingan. Biroq 7 million 403 ming kub limit ajratilgan. Aksariyat ko‘p qavatli uylarda muqobil issiqlik manbasi yo‘qligi hamda texnik sabablar tufayli bugungi kunda 8 million 127 ming kub tabiiy gaz iste’mol qilinyapti.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.