Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Haj ziyoratini Xitoy qanday tijoratga aylantirdi?

Haj – islomdagi besh farzdan biri, har bir musulmonning orzusi. Ammo savdogarlar va ayrim iqtisodlar uchun haj – tijorat mavsumi. Arabistonlik tujjorlar bozori ziyorat davomida juda qiziydi.

Har bir do‘kondor daromadi besh baravar oshadi.

Hojilar Makkai Mukarramadan yaqinlari va do‘stlari uchun biron kiyim, yodgorlik yoki kichikroq tuhfa olishni istaydilar. Ko‘plar uchun Makkadan olingan ashyo – tabarruk.

Haj ziyoratidan Saudiya Arabistoni iqtisodi katta foyda ko‘radi.

Tasavvur qiling, har bir hoji o‘rtacha 4-5 ming AQSh dollari sarflaydi. Bu yil ikki yarim million ziyoratchi haj qilmoqda.

Aksar foyda Saudiya Arabistoni iqtisodiga tushadi.

Lekin yana bir mamlakat haj mavsumida millionlab dollar foyda oladi. Bu – Xitoy.

Saudiya Arabistonida sotiladigan aksar matoh va mahsulotlar Xitoyda ishlab chiqilgan.

Arab hunarmandi ko‘p vaqt va mehnat sarflab qiladigan biron yodgorlik tannarxi Xitoyda ishlab chiqilgan nusxasidan ko‘ra ancha qimmatga tushadi.

Xitoy esa hojilar oladigan barcha narsani ishlab chiqaradi: joynamoz, Ka’ba maketi, mushk-anbar, azon aytib uyg‘otadigan soat, tasbeh...

Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Xullas, ham ziyorat, ham tijorat degan gap bekorga aytilmagan shekilli.

Biroq eng ajablanarlisi – musulmonlar ziyoratini kommunist Xitoy ulkan tijoratga aylantira olgani.