Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hamjihat el bo‘laylik, insofsizni insofga chaqiraylik!

Koronavirus infeksiyasidan himoyalanish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlar xalqimizni yanada jipslashishga, bir-biriga beminnat yordam ko‘rsatishga chorlamoqda.

Davlat infeksiya tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq barcha profilaktik ishlarni o‘z zimmasiga olib, bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda.

Lekin ayrim shaxslar sinovli kunlarda aholining bezovtaligidan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanishga intilmoqda. Vaholanki, yurtimizda, viloyatimizda oziq-ovqat mahsulotlari ta’minotida mutlaqo muammo yo‘q.

Shunday paytda tadbirkor va xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar xodimlarini insofga chaqirish lozim, deb hisoblaymiz.

Siz shu xalq hisobidan daromad olyapsizmi, xalqning hurmatini joyiga qo‘ying, zinhor narx-navoni sun’iy oshirmang. Zero, harom luqma kasallikdan ham yomon, unga sherik bo‘lish esa insofsizlik hisoblanadi.

Shu o‘rinda xalqimizga ham murojaat qilamiz: viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, sog‘liqni saqlash muassasalari vaziyatdan chiqish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. Boshqa shaharlarda tahsil olayotgan talabalarimiz o‘zlari yashayotgan joylarga bepul olib kelinayapti.

Shuni hech qachon unutmang, bizda narx-navoning oshishi uchun hech qanday asos yo‘q.

Shunday ekan, agar joylarda bunday holatga duch kelsangiz, viloyat hokimligidagi 66 230-42-13, viloyat prokuraturasidagi 66 231-13-88 raqamli telefonlarga xabar bering.

Narx-navoning sun’iy oshishiga yo‘l qo‘yganlar jazoga tortiladi.

Xabar muallifi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Biz sinovlardan o‘tgan va og‘ir kunlarda ham bir-birimizga yelkadosh bo‘lgan xalqmiz. Shuni unutmaylik.

Samarqand viloyati hokimligi.