Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shart

2020 yil 14 mayda Prezident tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun imzolangandi.

Ushbu qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritishning istalgan paytida himoyachidan voz kechishga hakli. Bunday voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va himoyachining ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan advokat taklif etish orqali ta’minlanadigan real imkoniyat mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi. Bunda advokat o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan keyin himoyadan voz kechilganligini tasdiqlaydi. Himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shart. Himoyachidan voz kechganlik haqida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek, advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuziladi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qo‘yiladi. Videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinadi. Bunda himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilmaydi.

Bundan tashqari, shaxsni ushlash, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish protsessual harakatlari ham endilikda videoyozuv orqali qayd etilishi shart bo‘ladi va Jinoyat-protsessual kodeksda belgilangan xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror shaxsga nisbatan ushlab turish tarzidagi, sud esa qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki ekspertiza o‘tkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qo‘llaganida, shaxsga nisbatan ko‘llanilgan protsessual majburlov chorasi hamda uning ushlab turilgan joyi to‘g‘risida darhol oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek, bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma’lum qilishi shartligi belgilandi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, belgilangan ushbu tartiblar jinoyat protsessida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, amaliyotda yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklar hamda noroziliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Zarifa AHMEDOVA,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.