Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi joriy etiladi

“O‘zbekiston Respublikasida huquq ustuvorligini ta’minlash holatini aniqlashning samarali mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar va o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rovlar natijalari asosida aniqlanadi:

- qonun hujjatlariga rioya qilinishi;

- fuqarolar huquq va erkinliklarining ta’minlanishi;

- odil sudlov va sud qarorlarining ijro etilishi;

- huquq-tartibot o‘rnatilganligi va xavfsizlikning ta’minlanganligi;

- mahalliy ijro organlari faoliyatining samarali nazorat qilinishi;

- korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi;

- hokimiyat institutlarining shaffofligi.

Qaror bilan hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aks ettiruvchi 32 ta indikator ham tasdiqlandi.

Indeks “Huquq ustuvorligi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali aniqlanadi.

Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi 182 ta mezonga asoslanadi:

• statistik ma’lumotlarga asoslanuvchi 111 ta mezon bo‘yicha ma’lumotlar Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari kabi 24 ta tashkilot tomonidan yuritiladi;

• sotsiologik so‘rov natijalariga ko‘ra shakllantiriluvchi 71 ta mezonning 49 tasi bo‘yicha so‘rovlar aholi o‘rtasida, 22 tasi soha mutaxassislari (sudyalar, tadbirkorlar, jurnalistlar, advokatlar, mahalliy deputatlar, jamoat tashkilotlari) o‘rtasida o‘tkaziladi.

Axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar har yili 1 mayga qadar umumlashtirilib, Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi tuziladi.

Adliya vazirligi tomonidan indeks bo‘yicha ma’lumotlar har yili 15 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashiga kiritib boriladi hamda ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.

2020 yil uchun Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash ishlari 2021 yil 1 iyulga qadar yakunlanadi va natijalari e’lon qilinadi.