Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hukumat parlament so‘roviga qanday javob berdi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotiga doir bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston — madaniy meros ob’yektlariga, tarixiy qiymati yuqori inshootlar va manzilgohlarga boy mamlakat. Necha ming yillik o‘tmishimizni o‘zida mujassam etgan osori-atiqalarni avaylab-asrash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda.

Majlis kun tartibiga kiritilgan masalalardan biri ham bevosita ana shunga bog‘liq bo‘ldi. Ya’ni deputatlar moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, tarixiy-madaniy qiymatiga ko‘ra YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilgan joylarda, ularning qo‘riqlanadigan hududlarida moddiy madaniy meros ob’yekti hisoblanmagan bino, inshoot va boshqa ob’yektlarni ruxsatnoma olmasdan qurish yoki buzish bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Loyiha moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish hamda davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ob’yektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, mazkur qonun loyihasi moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni ko‘zlab qilingan da’volar hamda berilgan arizalar yuzasidan Umumiy yurisdiksiya va iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish hamda bu boradagi qonun hujjatlarini buzishga oid ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha Madaniy meros departamenti, uning hududiy boshqarmalari mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda qonunda belgilangan tartibda sudga yuborish taklif qilinmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, ushbu loyihaning qabul qilinishi O‘zbekistonning sayyohlik sohasidagi muhim rol o‘ynovchi moddiy madaniy meros ob’yektlari, tarixiy shaharlar va manzilgohlarini ishonchli muhofaza qilishni kuchaytiradi.

Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Barkamol avlod” bolalar badiiy ijodiyot markazlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Umumta’lim maktablarida tibbiy xizmat ko‘rsatish holatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi parlament so‘rovlariga Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimovning javobi haqidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur parlament so‘rovlarida yosh avlod tarbiyasi, salomatligini saqlash yuzasidan dolzarb masalalar ko‘tarilgan edi. Xususan, “Barkamol avlod” bolalar badiiy ijodiyot markazlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish bilan bog‘liq qator muammo va kamchiliklar mavjudligi qayd etilgani holda, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha samarali tizim yaratish, zamonaviy innovatsion to‘garaklarni barpo etish, pedagog xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, markazlarning ta’mirtalab binolarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yuridik maqomini yanada kuchaytirish masalalariga Hukumat e’tibori qaratilgan.

Mazkur parlament so‘roviga Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan berilgan javobda ayni paytda markazlarni jihozlash me’yorlari ishlab chiqilayotgani, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, zamon talablari asosida yangi innovatsion to‘garaklar tashkil etish, pedagogik xodimlar oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish, markazlar negizida ijodkor bolalar maktablarini tashkil qilish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgani va tegishli muhokamalardan o‘tkazilayotgani ma’lum qilingan.

Qayd etish joizki, ta’lim muassasalarida tibbiyot xodimlari faoliyatining samarali tashkil etilishi voyaga yetmaganlar o‘rtasida kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilishda o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Shundan kelib chiqib, ikkinchi parlament so‘rovida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan joylarga chiqqan holda o‘tkazilgan o‘rganishlar mobaynida umumta’lim maktablarida tibbiy xizmat ko‘rsatish talab darajasida tashkil qilinmayotgani qayd etilgan edi. Xususan, ta’lim muassasalariga xizmat ko‘rsatadigan shifokor va o‘rta tibbiyot xodimi, ya’ni maktab hamshirasi shtati tasdiqlangan normativlarga nisbatan kam ajratilgani yoki ayrim umumta’lim muassasalarida umuman shtat birliklari ajratilmagani holatlari mavjud. Shuningdek, tasdiqlangan shtat normativlarda umumta’lim maktablariga xizmat ko‘rsatadigan vrach lavozimlari turlari, tibbiy xodimlar uchun shtat birliklari qishloq tumanlaridagi maktablar va shahardagi maktablar uchun turlicha miqdorlarda belgilangani ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Bosh vazir o‘rinbosari yo‘llagan javobda umumta’lim maktablarida shifokor pediatr va hamshira shtatlari ajratilishida mavjud nomutanosibliklar, ayrim maktablarda umuman ajratilmagani holatlarini bartaraf etish maqsadida amalda bo‘lgan vaqtinchalik shtat birliklari me’yorlari, umumta’lim maktablarida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish va yagona yondashuvni joriy qilish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilingan. Ushbu masala Davlat byudjeti parametrlarida sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ko‘rib chiqilib, hal etilishi ta’kidlangan.

Deputatlar mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, salomatligini saqlashga doir muhim masala yuzasidan ko‘tarilgan ushbu parlament so‘rovlariga Hukumat alohida e’tibor qaratgani, bu borada zarur amaliy choralarni ko‘rishga kirishganini ijobiy baholadilar.

Majlisda parlament quyi palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.