Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Ibrat" filmida Ishoqxon Ibrat yashagan davrning ijtimoiy manzarasi aks ettiriladi

“O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan ishlanayotgan, taniqli rejissyor Jahongir Qosimovning “Ibrat” tarixiy badiiy filmi noyob iste’dod egasi, ko‘plab Sharq va G‘arb tillarining bilimdoni, o‘lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida Vatan taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan Ishoqxon Ibrat haqida hikoya qiladi.

Ishoqxon Ibrat mustaqillikka eltuvchi yo‘lning isyonlar, qon to‘kishlar orqali o‘tishini istamaydi. Turli firqalar, siyosiy uyushmalarni rad etadi, ulardan xalq ko‘p jabr-zulm chekishini uqtiradi.

Shaxsiy manfaatlar o‘yini, chuqur o‘ylanmagan tadoriklar oqibatida elning boshiga qirg‘inbarot urushlar yog‘ilishidan ogohlantiradi. Ma’rifat bilan ozodlikka erishish g‘oyasini targ‘ib etadi.

Film operatori Rustam Murodov “Elparvar” tarixiy filmini suratga olgan, bu mavzuda tajribasi bor operator sanaladi. Tarixiy kinokartinaning liboschisi Zuhra G‘aniyeva filmda tasvirlangan davr Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va chet el kiyim-boshlarini tayyorlagan.

Ibratning yoshligini Rossiyada xizmat ko‘rsatgan aktyor Farhod Mahmudov ijro etgan. Shuningdek, filmda Iroda Qosimova, Matyoqub Matchonov, Mixail Kaminskiy, Jo‘rabek Orziyev, Seydulla Moldaxanov, Abduraim Abduvahobov, Tohir Saidov, Furqat Fayziyev, Bahrom Matchonov, Akbarxo‘ja Rasulov, Shahzoda Matchonova va boshqa xalqimiz sevgan ko‘plab aktyorlarni uchratamiz.

“O‘zbekkino” milliy agentligi matbuot xizmati.