Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

IIB xodimiga qarshilik ko‘rsatgan “qahramon” 10 sutkaga qamaldi

Joriy yil 3 may kuni tungi soat 1:30 larda Samarqand tumani Qo‘shko‘prik mahallasida yashovchi I.L. spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda, baland ovozda, turli haqoratli so‘zlar bilan aholi osoyishtaligini buzadi. Bu ham yetmagandek, ayni kunlarda o‘rnatilgan karantin qoidalariga qat’iy amal qilish, maqsadsiz ko‘chaga chiqmaslik, tibbiy niqob taqib yurish har bir fuqaroning burchi ekanligini unutib qo‘yadi.

Mazkur mahalla hududida o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan tuman IIB xodimlari tegishli tushuntirish berishiga qaramasdan, I.L. ularga qarshilik ko‘rsatib, o‘zining odatini davom ettirishga urunadi. Afsuski, bu ishlar fuqaroning birinchi marta qonunni buzishi emasligi sud zalida oydinlashadi.

U 2019 yil 25 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 187-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilib, mazkur modda bilan eng kam oylik ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima jazosi tayinlangan bo‘lsa-da, bundan tegishli xulosa chiqarmagan. Tarki odat – amri mahol, deganlaridek u yana qonunga itoat qilmaydi.

Samarqand tumani ma’muriy sudi huquqbuzar I.L.ni O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi, 187-moddasi 2-qismi, 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik harakatlarini sodir qilgan, deb topadi. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravari, ya’ni 1.115.000 (bir million bir yuz o‘n besh ming) so‘m miqdorida jarima hamda 10 (o‘n) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanadi.

Zafar KARIMOV,

Samarqand tumani ma’muriy sudi raisi.