Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ijrochilar huquqlarini jamoaviy boshqarish tizimi joriy etiladi

Intellektual mulk nomoddiy ko‘rinishdagi inson tafakkurining, aql-idrokining mahsuli va natijasidir. Intellektual faoliyat nafaqat mualliflar, balki ijrochilar, turdosh huquqlarning boshqa sub’yektlari ijodiy harakatlariga ham bevosita bog‘liq. Ushbu sub’yektlar huquqiy tabiatiga ko‘ra, ikkilamchi huquq egalari sifatida, ya’ni mualliflar tomonidan yaratilgan asarlarni, takrorlash, qayta ishlab chiqarish, yozib olish yoki ijro qilishlari bilan ajralib turadi.

Turdosh huquqlar deganda yaratilgan fan, adabiyot, san’at asarlarini ijro etish, yozib olish, nusxa ko‘paytirish, efir yoki sim orqali uzatish va boshqacha usulda takrorlashda yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi normalar majmui tushuniladi. Turdosh huquqlar intellektual mulk huquqining tarkibiy qismi, xususan, mualliflik huquqi qonunchiligi bilan tartibga solinadigan huquq tizimining alohida yo‘nalishi hisoblanadi.

Jismoniy shaxs bo‘lgan turdosh huquqlar sub’yektlari - mualliflik huquqi sub’yektlarining huquqiy layoqatidan farq qilib, ular asarni ijro etgan, takrorlagan yoki qayta ishlab chiqargan paytdan boshlab sub’yekt sifatida tegishli huquqiy maqomga ega bo‘ladi.

Turdosh huquqlar sub’yekti bo‘lgan yuridik shaxslar – televideniye, kabelli televideniye, radiostansiya, fonogramma ishlab chiqaruvchilar o‘z faoliyatini tegishli tartibda litsenziya olgandan so‘ng, dastlab yuridik shaxs maqomini olish bilan xarakterlanadi. Yuridik shaxs maqomidagi turdosh huquqlar sub’yektlari, bir vaqtning o‘zida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ham hisoblanadi. Ular yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tsa-da, lekin o‘z Nizomlarida belgilangan faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun litsenziya oladilar.

Xalqaro huquq normalarida belgilanishicha, turdosh huquqlar sub’yektlari bilan mualliflik huquqi sub’yektlarining huquqlari bir–biriga o‘xshab ketadi. Lekin ularning zimmasiga mualliflarning huquqlariga to‘liq rioya etish, asarlarning daxlsizligini ta’minlash, asarlar qayta ishlab chiqarilayotganda undan foydalanuvchilarga asarning himoya qilinayotgani to‘g‘risida axborot berish kabi qator majburiyatlar yuklatiladi. Bu sub’yektlarning huquqlari mutlaq hisoblanadi va u uchinchi shaxslarga faqat shartnoma asosida o‘tkazilishi mumkin.

Ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning keng targ‘ibotchilariga aylantirishga harakat qilinyapti. Ayniqsa, ijodkorlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish tizimini yaratish, og‘ir bir sharoit - pandemiya davrida ijodkorlarni moddiy jihatdan ta’minlash yo‘llari qidirilmoqda.

Mamlakatimizda mualliflar va ijrochilar huquqlarini himoya qilish, ularning mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqarish maqsadida "Mualliflar va ijrochilar palatasi"ni tashkil etish maqsadga muvofiq. Ushbu yo‘nalishda topshiriq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6000-son farmonining 6-bandida ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning 12 oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan videoselektor o‘tkazildi. Unda intellektual mulk, xususan, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni yangicha usullarda himoya qilishga alohida urg‘u berildi, qator davlat organlari va idoralar oldiga vazifalar qo‘yildi. Videoselektorda ham yana bir bor Palatani tashkil etish va uni qo‘llab-quvvatlashda tegishli vazirlik va boshqa manfaatdor idoralarga bir qator topshiriqlar berildi.

Kelgusida tuziladigan Palataning asosiy vazifasi a’zolarining asar yoki turdosh huquq ob’yektlari (ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari) omma oldida namoyish etilganda, prokatga berilganda yoki efirga uzatilgan yoxud sim (kabel) orqali barchaning e’tiboriga yuborilganda haq olishlarini ta’minlash, asar mualliflarining, ijrochilarning, fonogrammani va audiovizual asarni tayyorlovchilarning audiovizual asarlar yoki fonogrammalar takrorlanganlik uchun haq olish huquqini amalga oshirishdan iborat bo‘lishi lozim.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, respublikamizda olib borilayotgan islohotlar markazida turdosh huquqlarga oid qonunchilikni amalda qo‘llash, ijrochilar huquqlarini jamoaviy boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish, huquq egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash insonparvarlik siyosatimizning namoyishi hisoblanadi.

Gulnora XUDOYBERDIYeVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti

ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.