Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Ilhaq” tinch va farovon kunlar fidoyilik evaziga qo‘lga kiritilganligini eslatdi

Bolaligimda hind filmlarini oilaviy tomosha qilib, ko‘zimiz yoshlanardi. Keyin ulg‘aydik, aqlimiz to‘lishdi, qiziqishlarimiz o‘zgardi shekilli, bunday filmlardan ta’sirlanmay qo‘ydik.

Ba’zida buning sababini ulg‘ayganimizda, qiziqishlarimiz o‘zgarganida, tashvishlarimiz ortganidan emas, balki qalblarimiz tosh qotganidan bo‘lsa kerak, degan xulosaga ham kelaman.

Bugun qayg‘uni ham, quvonchni ham tez unutamiz, fikrlashga, mushohada qilishga vaqtimiz yetmayotgandek. Zamon shiddatidan qolib ketmaylik deb, hamisha shoshamiz, ishlarimizga ulgurmay qolishdan qo‘rqamiz...

Lekin kelgan joyimiz, topgan halovatimiz qani? Shumi...

“Ilhaq” filmini tomosha qilib, bexosdan uyqudan uyg‘ongandek his qildim o‘zimni. Sizda ham ba’zida shunday bo‘ladimi? Biror asar o‘qiganingizda, biror voqeani ko‘rganingizda yoki eshitganingizda tuyqusdan kimdir turtgandek, g‘aflatdan uyg‘otgandek bo‘ladi.

Karantin paytida ko‘p narsalar haqida o‘ylab olishga vaqtimiz bo‘ldi. Ilgaridek, tongda uyquga to‘yib-to‘ymay ishga shoshish yo‘q, kechqurun horib-charchab uyga qaytish ham aslida katta baxt ekanligini anglab yetgandekmiz. Ishimiz bilan bog‘lik katta-kichik tashvishlar aslida Sizning ham jamiyat uchun kerakli kishi ekanligingizni, kimgadir foydangiz tegishi mumkinligini anglatar ekan...

Filmda mash’um urush dahshati birgina obraz – 5 farzandini urushga kuzatib, hammasidan ajralgan Ona timsolida ro‘y-rost ochib berilgan. Millat boshiga tushgan ko‘rgiliklar kichkina qishloqdagi bir necha oilalar misolida oddiy tarzda, mahorat bilan tasvirlangan. Syujet oddiy (Ikkinchi jahon urushi davrida ko‘p oilalar boshiga shunday kun tushgan), film voqealari reallikka asoslangan (prototip – Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi onaxon Zulfiya Zokirova), ortiqcha bo‘rttirishlarsiz, ajoyib film ishlangan. Qahramonlar fe’l-atvori, kechmishi ham juda ta’sirli. Masalan, onasining qilmishi uchun aqldan ozib qolgan Yusufning sevgilisi obrazi, “qoraxat” keltirib, hammadan kaltak yeydigan soqov pochtachi yigit obrazi, urushga ketishni orzu qilib, rais otasining noroziligi uchun “dizertir”ga aylanib, oqibatda bema’ni o‘lim topgan Mels obrazi, urushda o‘lgan deb, xotini o‘z ukasiga nikohlangan yigit va hokazolar. Ayanchli, murakkab, chigal taqdirlar – bizning yaqin o‘tmishimiz, o‘tgan kunlarimiz.

Qolgan obrazlar ham juda hayotiy. Film voqeliklari o‘zbek adabiyotining ko‘pchilikka ma’lum, halqimiz ko‘nglidan joy olgan epizodlaridan jamlangan bo‘lsa-da, eng durdona, mashhur ko‘rinishlar kartinada tanlab olingan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, kartina oxirida undagi har bir qahramonning haqiqiy fotosurati va rolni ijro etgan aktyor ko‘rsatiladi. Ular bir-biriga shunchalik o‘xshashki, kinokastingda aktyorlar tanloviga muhim e’tibor qaratilib, qahramonlar aynan qiyofadoshlardan tanlab olingan yoki bu grimm ustalarimizning mahorati. Filmning muvaffaqiyatini ana shu jihatlar ta’minlagan bo‘lsa, ajabmas. Lekin film ba’zi bir xato va kamchiliklardan ham xoli emas, lekin juz’iy.

Keyingi 5-6 yil davomida birorta o‘zbek seriali yoki kinofilmlarini miriqib tomosha qilganimni eslolmayman. Bo‘lar-bo‘lmas, bachkana seriallar, “yaltiroq” kinolarni ko‘rgandan, bo‘sh vaqt bo‘lganida kitob o‘qigan yaxshiroq, u charchagan asablarni tinchlantiradi.

Filmdan qattiq ta’sirlandim, undagi voqealar zalvori odamni esankiratib, fikrlashga undaydi. Film bu kunlarga osonlikcha, yetmaganimizni, faqat urushda jon berib, jon olganlar emas, urush ortida qolganlar ham aslida katta qahramonlik ko‘rsatganini, ana shu fidoyiliklar evaziga tinch va farovon kunlar qo‘lga kiritilganligini yana bir marta eslatib qo‘ygandek, go‘yo...

Aslida oqibati jahon urushlaridan sira kam bo‘lmagan bugungidek “biologik xurujlar” davrida yana bir marta chuqurroq o‘ylab ko‘rishga vaqt ham bor, sabab ham...

Nega yashayapmiz, maqsadimiz nima? Faqat kun o‘tkazishmi? Jamiyatni nima izdan chiqarishi mumkin?

Bizdan hech qanday qahramonlik talab etilmayapti. Bor yo‘g‘i, har birimiz o‘z vazifamizni chinakamiga ado etsak, bo‘lgani - hech qanday aldovlarsiz, yolg‘onlarsiz.

Umid qilamizki, karantindan so‘ng har birimiz boshqa insonlarga aylanamiz va hayotimiz butunlay boshqacha bo‘ladi...

Gulchehra BERDIYoROVA.