Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Iltijo

Ey Alloh, boshimni sajdaga qo‘ydim,
Yalindim, yolbordim, yig‘ladim, kuydim,
Shon-shuhrat, dabdaba... barini qo‘ydim,
Tavba, tavba... shu so‘z kelar tilimga,
Omonlik ber, omonlik ber elimga!

Birinchi o‘q shoir ko‘ksiga tegar,
Birinchi o‘q ona zotin o‘ldirar,
Chorasizlik ota boshini egar,
Qodir Alloh, qorishtirma, kulimga,
Omonlik ber, omonlik ber elimga!

Qiyma-qiyma bo‘lib borar yuragim,
Men yengildim, yerga tegdi kuragim,
Yuzmi, mingmi, kelar HAQdan so‘ragim:
Xudojonim, tinchlik chiqsin yo‘limga,
Omonlik ber, omonlik ber, elimga!

Boshlarimning boshlarini xam qilma,
Bolalarim ko‘zlarini nam qilma,
Umidim ko‘p, nasibamni g‘am qilma,
Fursat bergin, hali vaqt bor o‘limga,
Omonlik ber, omonlik ber elimga!

Sellaringda oqar uylar kerakmas,
Ming kishilik lof, qop to‘ylar kerakmas,
Yolg‘on hisob, yolg‘on kuylar kerakmas,
Halovat ber, taskin bergin dilimga,
Omonlik ber, omonlik ber elimga!

Kechir, Alloh, gunohimiz ko‘p bo‘ldi,
Qora ko‘zga suqqanimiz cho‘p bo‘ldi,
Ori yo‘qlar yolg‘iz emas, to‘p bo‘ldi,
Obi hayot sig‘may qoldi ko‘limga,
Omonlik ber,omonlik ber elimga!

Kulfatlardan jigari qon Xosiyat,
Har o‘tinchi bitta doston Xosiyat,
Samarqandu O‘zbekiston Xosiyat,
Shafqat so‘rar, baxt ber gulshan, gulimga,
Omonlik ber, omonlik ber elimga!

Xosiyat BOBOMURODOVA.