Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Iltimos, dadamning boshliqlari, dadamga barvaqtroq javob bering!

Salom, mening mehribon dadajonim! Yaxshi ishlab yuribsizmi?

Meni kechiring, kecha ham sizni ko‘raman, deb kutib-kutib uxlab qolibman. Lekin uxlagan bo‘lsam ham meni erkalaganingizni, suyib o‘pib qo‘yganingizni his qilaman.

Bilaman, bizni boqish uchun, uyg‘onmasimizdan ishga ketib, uxlaganimizda qaytasiz. Sizni oxirgi marta bir oy ilgari ko‘rgan ekanman. O‘shanda siz bilan maza qilib o‘ynaganim esimda. Yana shunday ishdan barvaqt qaytishingizni har kuni intiqib kutaman.

Men Prezident bobomlarni yaxshi ko‘raman. Prezident bobomlar sizga ishdan barvaqt qaytishingizni aytgan ekanlar. Nimaga aytganlarini qilmayapsiz?!

Oyim aytadilar, agar siz kechgacha ishlamasangiz, ishdan haydashlari mumkin ekan. Sizni ishdan haydashsa, qishloqqa qaytib ketishimizga to‘g‘ri kelar ekan. Keyin siz ishlamasangiz, och qolar ekanmiz. Hozirgi kunda tirikchilik juda qiyin ekan. Dadajon, qishloqdagi uyimizda yashasak ham, mayli, faqat sizni ko‘rib tursam bo‘ldi!

O‘qituvchimiz odobim uchun ikki baho qo‘ydi. Oyimga aytishicha, menga ota tarbiyasi yetishmayotgan ekan.

Bugun oyimga yig‘lab berdim, “dadam bizni yomon ko‘radi” deb. Oyim aytdilarki, siz bizni juda ham yaxshi ko‘rarkansiz, siz ham biz bilan birga bo‘lishni xohlarkansiz. Lekin boshliqlaringiz ruxsat berishmas ekan.

Iltimos, dadamning boshliqlari, dadamga barvaqtroq javob bering!

Iltimos, dadajon, uyga barvaqtroq keling! Sizni juda ham sog‘indik.

Akobir ShAMSIYeV.