Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ipoteka kreditlari 15 yildan 20 yilga uzaytiriladi(mi?)

- 2019 yilda Korasuv massivida qurilgan ko‘p qavatli uylar 18 foizli ipoteka krediti asosida 15 yilga berilgan. Shartnomaga ko‘ra mijoz birinchi yil uyning faqat foizini, keyingi yildan asosiy qarz ham qo‘shilgan holda kredit to‘lashi lozim. Lekin karantin sabab ayrimlar ishidan ajraldi yoki daromadi kamaydi. Bunday sharoitda kredit bo‘yicha biror yengillik beriladimi?

    X.TOShNIYoZOVA.

- Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarga 2020 yil 1 oktyabrgacha kechiktirish taqdim etish ko‘rsatilgan. Demak, koronavirus pandemiyasi oqibatida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan aholi va tadbirkorlar kreditning asosiy qarzi va foiz to‘lovlarini tomonlar kelishuviga ko‘ra joriy yil 1 oktyabrga qadar uzaytirishi va to‘lamasligi mumkin.

* * *

- Kredit foizlarini vaqtincha to‘lamagan fuqarolarning qarzlari karantindan so‘ng oyma-oy taqsimlanadimi yoki kredit muddati uzaytiriladimi?

Z.QODIROV.

- Markaziy bank Prezidentimizning bu borada qabul qilgan huquqiy hujjatlariga asosan pandemiya oqibatida aholi va tadbirkorlarning kredit to‘lovlari bilan bog‘liq risklarni puxta o‘rganib chiqish asosida ularning muddatini tomonlar kelishuviga ko‘ra joriy yil 1 oktyabrga qadar uzaytiradi. Bunda qarzdorning pul oqimi kreditning:  

- asosiy qarzi to‘lashga yetmagan taqdirda, kredit shartnomasining oxirgi muddatini mos davrga uzaytirish;

- asosiy qarz va foiz to‘lovlarini to‘lashga yetmagan taqdirda, kreditning asosiy qarzini yuqoridagi bandga asosan va hisoblangan foizlarni to‘lov muddati uzaytirilgan davrga mos ravishda uzaytirish bo‘yicha kredit shartnomasiga o‘zgartirish kiritilishi belgilangan.

Ushbu qaror talablari asosida koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan to‘lanmagan kredit foiz to‘lovlari tomonlar kelishuviga ko‘ra to‘lov muddati uzaytirilgan davrga mos ravishda uzaytirilib taqsimlanadi.

F.NOSIROV,

Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish sho‘’basi mudiri.

* * *

- 2020 yil 1 may kuni Prezidentimizning “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlari muddati 15 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi. Bu o‘zgarishlar Qorasuv massivida qurilgan ko‘p-qavatli uylarga ham tegishlimi?

A.XOLIQOV.

- Prezidentimizning qarorida yangi tartib doirasida aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari (shu jumladan bugungi kunga qadar ajratilgan ipoteka kreditlari) muddati 15 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi belgilangan.

 Ushbu tartib Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bo‘yicha tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlarga qo‘llaniladi. Mazkur qarorga asosan banklar tomonidan 2020 yil 10 martdan boshlab ajratilgan tijorat ipoteka kreditlari muddati 15 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi. 

J.BAHRIYeV,

 Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tijorat banklarida davlat maqsadli dasturlari ijrosini monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.