Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarida ta’lim sifati o‘rganiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2019 yil 23 avgustda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o‘qituvchilarning mavqeini oshirish masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Prezident Administratsiyasining joriy yil 27 avgustdagi topshirig‘i asosida 11-30 noyabr kunlari respublikamizning barcha hududlaridagi ayrim fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari va maktab-internatlarining faoliyati o‘rganiladi.

O‘rganish ishlari Xalq ta’limi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Davlat test markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda olib boriladi.

O‘rganishlar davomida ixtisoslashtirilgan maktablardagi o‘quv-tarbiya jarayonining tashkil etilishi, ta’lim sifati, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning bilimi, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, sanitariya qoidalari va me’yorlariga amal qilinishi kabi yo‘nalishlar ko‘rib chiqiladi. Davlat test markazi tomonidan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘quvchilari hamda o‘qituvchilari uchun ixtisoslashtirilgan fanlardan test sinovlari o‘tkaziladi.

Natijalar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyatini, ulardagi ta’lim sifatini kelgusida yanada takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqiladi.