Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jamoatchilik palatasi jamiyatda jamoatchilik nazorati ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi

Yurtimizda jamiyat hayotidagi muhim voqealar, fuqarolar, ularning muayyan qatlamini tashvishga solayotgan muammolarni aniqlash va hal etish uchun jamoatchilik nazoratining o‘rni alohida e’tiborli. Chunki jamoatchilik nazoratining mavjudligi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati taraqqiyotining birlamchi shartlaridan sanaladi.

Shu jihatdan Prezidentimizning shu yil 16 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi jamoatchilik palatasining tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda fuqarolar, jamiyat va davlatning o‘zaro hamkorligini o‘rnatish, qolaversa davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu tashabbus Prezidentimizning Parlamentga Murojaatida ilgari surilgan edi. Unda davlatimiz rahbari “Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda, jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvining majburiyligini aniq belgilash kerak, jamoatchilik ma’qul desa ma’qul, noma’qul desa noma’qul bo‘ladi. Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida Jamoatchilik palatasini tashkil etishni taklif qilaman” degan edilar.

Mana shulardan kelib chiqib palataning 12 ta asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Bular orasida davlat, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining ezgu sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishdan tortib, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga ko‘maklashish, aholi fikrini tizimli o‘rganib dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va tegishli hokimiyat organlariga takliflar kiritib borish vazifalari mavjud. Bundan tashqari, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy va samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish singari bir-biridan muhim vazifalar kiritilgan.

Farmonga muvofiq, Jamoatchilik palatasida jamoatchilik asosida ishlaydigan a’zolar turli sohalarda jamiyat rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan fuqarolar, NNTlar va OAVlar vakillari orasidan tayinlanadi.

Respublika miqyosida munosib faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari orasidan a’zolikka qabul qilinishi bugungi kunda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlariga bildirilgan ulkan ishonch bo‘lish bilan birga mas’uliyat hamdir.

Samarqand viloyatida bugungi kunda jami 829 ta (shundan 544 ta davlat ro‘yxati va 285 tasi hisob ro‘yxatiga olingan) nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘lib, ularning 133 tasi fuqarolarning o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Farmon ijrosiga ko‘ra viloyatimizda Jamoatchilik palatasining hududiy boshqarmasi tashkil etiladi. Viloyat hokimligi palata faoliyat yuritishi uchun zarur moddiy-texnik sharoitlarni yaratib beradi. Keyingi vazifa esa, shubhasiz, hududiy palataning Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilga amal qilgan holda faoliyat yuritishidan iborat. Shu maqsadda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi bosh koordinatori sifatida viloyatdagi barcha nodovlat notijorat tashkilotlarni faollikka chaqirgan holda, barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shamiz.

Shoyim Kenjayev,

O‘zNNTMA Samarqand viloyati hududiy bo‘limi bosh koordinatori.