Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ka’baga kisva (yopinchiq) yopgan Temuriyzoda

Amir Temurning kenja farzandi Shohruh Mirzo (1377 yil 20 avgust, Samarqand shahri – 1447 yil 19 mart, Ray shahri) Temuriylar davlati hukmdori bo‘lishiga qaramasdan, oddiy va o‘ta taqvodor bo‘lgan. U davlat ishlari bilan bir qatorda, islom shariati qoidalariga to‘la amal qilgan. Besh vaqt namozni aslo kanda qilmagan, Qur’oni karim va uning arabcha, forscha tafsirlarini o‘qigan.

Shohruh Mirzo (1407–1447) kuchli tashqi siyosati natijasida davlat sarhadlari kengayib, Mo‘g‘ulistondan to G‘arbda Misr va Rum yerlarigacha, janubda Hindistonning markazidan to Dashti Qipchoq chegaralarigacha joylar Temuriylar davlati tarkibiga kirgan. Bu ulkan davlat hozirgi Misr va Shomni o‘z ichiga olgan mamluklar saltanati bilan chegaradosh edi. Shohruh bilan mamluklar o‘rtasida ilk bor 1429 yil Misr hukmdori Barsboy (1429–1438) bilan o‘zaro munosabatlar boshlandi. O‘sha yili Shohruh Misr sultonidan misrlik mashhur tarixchilar Ibn Hajar al-Asqaloniyning “Fath al-boriy li-sharhi as-Sahiyh al-Buxoriy” (al-Buxoriyning “Sahiyh”iga sharh tarzida yozilgan va musulmon olamida katta shuhrat qozongan) va Maqriziyning “As–suluk li-ma’rifat duval al-mulk” (“Podsholarning davlatlarni bilish yo‘llari”) nomli kitoblarini yuborishni hamda o‘zi maxsus tayyorlattirgan Ka’ba kisvasini (yopinchiqni) yuborishga izn so‘ralgan maktubni elchilardan yuborgan. Ungacha har yili haj marosimi nihoyasida Ka’ba ustiga yopiladigan kisva tayyorlash huquqini Misrni 1250 yildan beri boshqarayotgan mamluk sultonlari deyarli ikki asr davomida o‘z qo‘llarida saqlab kelardi va bu ularda musulmon dunyosida rahnamolik qilish imkonini berardi. Shu sababli sulton Barsboyning bu iltimosga rad javobini berishi tabiiy edi. Ammo Shohruh qo‘lyozma asarlarning juda katta ixlosmandi hamda islom diniga e’tiqodi mustahkam hokim sifatida mashhur bo‘lgan.

Kelasi yili Shohruh sherozlik zodagonni 8 ming dinorlik sovg‘a-salom bilan Misrga elchi qilib jo‘natdi. Elchi Sulton Barsboy tomonidan qabul qilinayotgan paytda Shohruh Ka’baga, albatta, kisva yopajagi haqida qasam ichganini ma’lum qildi.

Barsboy bu qasam xususida to‘rtta mazhab qozilari kengashini chaqirtirishga majbur bo‘ldi. Qozilar: agar Shohruh tayyorlangan kisvani sotib, mablag‘ini Makkadagi faqir-miskinlarga ehson qilsa, qasamidan forig‘ bo‘ladi, degan mazmunda hukm chiqarishadi. Qozilar Misrda kisva uchun maxsus vaqflar mavjudligini, undagi xarajatlar to‘liq qoplanayotganini, Shohruhning kisva tayyorlashga hech qanday ehtiyoji yo‘qligini bildiradi. Aslida, Misr sultonlari bu ishga hech kimning qatnashishini istamasliklari qozilarga ayon edi. Bu javob Shohruhni qoniqtirmadi. 1435 yili u uchinchi bor maktub yo‘llab, Quddus shahrini ziyorat qilish istagini bildirdi. Ayni vaqtda u Misr qozilarini noxolislikda hamda sulton roziligi yo‘lida va o‘zlarining manfaatlarini ko‘zlab hukm chiqarishda aybladi. Sulton Barsboy bu maktubni e’tiborsiz qoldirdi.

1436 yili Shohruh Sulton Barsboyga to‘rtinchi ancha keskin yozilgan maktubini yo‘lladi. Unda Shohruh nomiga xutba o‘qitish va uning ismi bilan tanga zarb qilish talab etilgandi. Bu talabni qabul qilish vassallikni tan olish bilan barobar edi. Sulton Barsboy o‘z navbatida, elchini tahqirlab, xat bilan birga yuborilgan sarponi yirtib tashlashni buyurdi. Sultonning bunday harakati ko‘pchilik saroy ahllari va tarixchilarga yoqmadi. Aksincha, uni tanqid qildi. “Xatga vazmin va bosiqlik bilan javob berish, mamluk qo‘shinlarining zaifligi haqida sir boy bermaslik kerak edi”, deb hisobladilar. Elchi al–Maqriziyning “Tarix”i va Ibn Hajarning “Fath al–boriy” asari nusxalaridan olib ortga qaytdi. Shohruh bilan Barsboy o‘rtasidagi munosabat shu zaylda keskinlashdi.

Barsboy vafotidan so‘ng 1438 yil Misr taxtiga mamluk sultoni Chaqmoq o‘tirdi. Fursatdan foydalanib unga Shohruh katta hadyalar bilan o‘z vakilini yubordi. Shohruh Ka’ba kisvasini tayyorlash niyatidan hali ham voz kechmagan va har safar bu haqda eslatib turardi.

Nihoyat, Sulton Chaqmoq 1443 yili Ka’ba kisvasini tayyorlash haqidagi Shohruhning navbatdagi iltomosiga rozilik berdi. Ammo u Shohruhga faqat ichki tomondan, ya’ni Misr sultoni kisvasi ostidan yopiladigan ka’bapo‘sh tayyorlashni shart qilib qo‘ydi. Rozilik olingani zahoti Shohruh Qohiraga Ka’ba kisvasi bilan o‘z vakillarini yubordi. Misr sultoni vakillarni qal’ada qabul qildi. Ularni Misrdan haj safariga hozirladi. Makkai mukarramada shu yili Shohruh kisvasi Ka’ba ustiga Misr Sultoni ka’bapo‘shi ostidan yopildi.

1447 yili Shohruh vafot qilgunga qadar Misr bilan do‘stona aloqa olib borildi. Misrliklardan keyinchalik ham Shohruh kisvasi, degan tushuncha o‘rnashib qolgandi. 1452 yilgacha aynan shu nom bilan Ka’ba ustiga kisva yopib turildi. Shu yili Sulton Chaqmoq Shohruh kisvasini olib tashlash va faqat Misr sultoni kisvasi bilan cheklanish haqida amri farmon berdi.

Demak, Temuriyzoda Shohruh Mirzoning bunday siyosiy harakatlari zamirida ham Islom dini olamida o‘z rahnamoligini bildirish, ham siyosiy sarhadlarini kengaytirish maqsadida ushbu strategik yo‘lni amalga oshirgan.

1992 yil birinchi Prezidentimiz I.Karimov Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida podshoh Fahd ibn Abdulaziz Ka’batullohga yopiladigan kisvaning bir bo‘lagini sovg‘a qildi va bu sovg‘a al-Buxoriy majmuasiga berildi.

Samarqand viloyat o‘lkashunoslik muzeyida ipakdan to‘qilgan ka’bapo‘shtning bir parchasi ekspozitsiya zallarimizda mavjud. Muzeyga tashrif buyurgan xorijiy hamda mahalliy mehmonlar uni o‘zgacha mamnuniyat bilan tomosha qilmoqda.

Muhammad XOLMATOV,

Samarqand viloyat o‘lkashunoslik muzeyi katta ilmiy xodimi.