Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantin davrida kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni qanday bilish mumkin?

O‘zbekistonda karantin davrida kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni ko‘rish va hisoblagichlar ko‘rsatkichlarini Majburiy ijro byurosi idoralariga jo‘natishga imkon beruvchi Telegrambot ishga tushirildi.

Telegram’dagi @mibuzbot boti orqali fuqarolar foydalanilgan kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorligini ko‘rishi va hisoblagich ko‘rsatkichlarini fotosuratga olib, ushbu botga jo‘natishi mumkin.

Byuro davlat inspektorlari abonentlar tomonidan yuborilgan suratlarni qabul qilib, ko‘rsatkichlarni tasdiqlaydi va ularning maxsus bazaga kiritilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosining «www.mib.uz» rasmiy saytidagi «Kommunal xizmatlardan qarzdorlikni aniqlash» bo‘limida oxirgi ko‘rsatkichlarni jo‘natish imkoni mavjud.

Fuqarolarda kommunal xizmatlar yoki ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelsa, uni Payme, Paynet, Click, UPay va boshqa mobil to‘lov tizimlari yordamida to‘lab borishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ichimlik, oqava, issiq suv ta’minoti korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarga karantin davrida to‘lovlar uchun jarimalar va penyalar joriy etilmasligi hamda qarzdor iste’molchilar bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilmasligi, iste’molchilar suv va kanalizatsiya tarmoqlaridan uzilmasligi ma’lum qilingan edi.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.