Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantinda iftorlik uyushtirgan shaxslar profilaktika inspektorining avtomashinasiga tosh otib, oynalarini sindirdi

Sherobod tumani IIB navbatchilik qismining 2020 yil 14 may kuni soat 21:00 larda bergan xabariga ko‘ra, tumanning Balxiguzar mahallasida yashovchi D.B. O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan karantin qoidalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 apreldagi PQ-4687-sonli “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, respublikamizda karantin davom etayotganligi munosabati bilan respublikaning barcha hududida “Taroveh namozi” hamda iftorliklarni qo‘ni-qo‘shnilarsiz hamda qarindosh-urug‘larsiz o‘tkazilishi ko‘rsatilishiga qaramay, o‘zining yashash xonadonida o‘g‘illari I.D., E.D.lar bilan birgalikda qarindosh-urug‘lari va qo‘ni-qo‘shnilarini to‘plab, iftorlik o‘tkazayotganligi to‘g‘risida tezkor ma’lumot kelib tushadi.

Shunga asosan Sherobod tumani ichki ishlar bo‘limi, tuman Davlat xavfsizlik xizmati bo‘limi hamda Balxiguzar mahallasi raisi hamda profilaktika inspektorlari bilan birgalikda, soat 20:30 larda D.B.ning yashash manziliga borilganida, haqiqatdan ham D.B. yashash uyida 30 nafar shaxslarga iftorlik o‘tkazayotganligi aniqlanadi.

Shundan so‘ng tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan D.B. va uning oila a’zolariga viloyatda karantin davom etayotganligi tushuntirilib, ularga iftorlik o‘tkazib, jamoat bo‘lib, “Taroveh namozi”ni o‘qiyotganligi yuzasidan karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun ma’muriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. D.B.ning oila-a’zolari va iftorlikka tashrif buyurgan qarindoshlari tomonidan ichki ishlar bo‘limi xodimlariga nisbatan faol qarshilik ko‘rsatilib, ular qo‘llaridagi narsa va buyumlar bilan tuman ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi tayanch punkti profilaktika inspektori M.Xoliqov boshqaruvidagi “Tiko” rusumli avtomashinaga tosh otib, avtomashinaning oynalarini sindirib, shikast yetkazgan.

Ushbu janjal jarayonida profilaktika inspektori “bo‘yin va chap qo‘l bilak sohasi tirnalib shilinishi” kabi tan jarohati olgan.

Mazkur holatdan so‘ng voqea joyiga Sherobod tumani IIB tergov-tezkor guruhi xodimlari borganida, ularga ham D.B.ning farzandlari va qarindoshlari, nabiralari faol qarshilik ko‘rsatishda davom etib, tuman IIB navbatchilik qismiga tegishli “Damas” rusumli avtomashinaning ham oyna va kuzovlariga armatura hamda tosh bilan urib, mazkur avtomashinaga ham shikast yetkazgan. Voqea joyiga tuman IIB rahbariyatidan mas’ul bo‘lib, tergov-tezkor guruhi tarkibida kelgan Sherobod tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor O‘.Shukurovga ham “o‘ng qo‘l bilak pastki uchligi shilingan jarohatlanishi” kabi tan jarohati yetkazilgan.

So‘ng voqea joyiga Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati bataloni xodimlaridan iborat qo‘shimcha kuch chaqirilib, ular yordamida B.D.ning yashash xonadoniga borilganida, fuqaro D.E. 1,5 metr uzunlikda bo‘lgan armatura bo‘lagi bilan to‘satdan Surxondaryo viloyati IIB TVBSO xodimi, katta serjant Sh.Sobirovning bosh qismiga urib, o‘rta og‘ir darajada jarohat yetkazgan.

Janjal vaqtida Surxondaryo viloyati IIB TVBSO xodimi, kichik serjant A.Qarshiyev ham turli tan jarohatlari bilan Sherobod tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda leytenant M.Xoliqov, mayor O‘.Shukurov, katta serjant Sh.Sobirov va kichik serjant A.Qarshiyevlar xizmat vaqtida, xizmat kiyimida, hushyor holda bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yilning 15 may kuni Sherobod tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati yuqorida qayd etilgan hodisa tafsilotlari haqida qo‘shimcha ravishda axborot berilishini ma’lum qildi.