Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kasb-hunar kollejlarida o‘quv yili qanday yakunlanadi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qaroriga ko‘ra joriy yilda kasb-hunar kollejlarida ham o‘quv yili onlayn tarzda yakunlanadi.

Ayni paytda o‘quvchilar vazifa va diplomoldi amaliyotni qanday topshiryapti? Bu yil fan olimpiadasining qaysi bosqichlari o‘tkazildi? Yakuniy imtihonlar qay tarzda bo‘ladi? Kelgusi o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarida qanday o‘zgarish kutilyapti?

Bu haqda viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Roziq FAYZIYeV quyidagilarni gapirib berdi:

- Viloyatimiz kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning hammasi bitiruvchilar, - deydi  R.Fayziyev. - 2019-2020 o‘quv yilida jami 26314 nafar bitiruvchi, shulardan 9-sinf  bazasida 108 kasb-hunar kollejida 23580 nafar, 11 yillik bazasida 19 ta yo‘nalish bo‘yicha 2734 nafar o‘quvchi kasbga yo‘naltirilgan.  Bitiruvchilar hozirda uy vazifalarini va diplomoldi amaliyotini masofaviy tarzda telegram messenjeri orqali uyda bajarib, kunlik yozilgan amaliyot kundaligi  hamda hisobotlarni o‘qituvchilarga topshiryapti.

Joriy yil fan olimpiadasining  II (hududiy) bosqichi 11-12 yanvar kunlari Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kollejida o‘tkazildi. Olimpiadaning  viloyat, ya’ni uchinchi bosqichi mart oyida bo‘lishi kerak edi. Ammo karantin sababli qoldirildi. Fan olimpidasining 3-4 bosqichlarini o‘tkazish  Xalq ta’limi vazirligining fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tomonidan o‘tkazilishi belgilangan.                                            

Imtihonlarga kelsak, diplomoldi amaliyot tugagandan keyin uchta fandan yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanadi. Bular - kasbiy-amaliy, O‘zbekiston tarixi va mutaxassislik  fanlari. Bunda har bir fan yuzasidan 20 talik test savollaridan iborat variantlar o‘quvchilarga yuboriladi. Ular belgilangan vaqt mobaynida savollarga javobni topib, javoblar varaqasiga belgilab yuborishadi. Bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi tomonidan test savollariga bergan javoblari bo‘yicha baholanadi.

2020 yilda viloyatimizda 35 kasb-hunar kolleji yopiladi va 2020-2021 o‘quv yilida  64 ta yangi professional kasb-hunar kolleji ochilib, 162 kasb bo‘yicha 18325 nafar o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV yozib oldi.