Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘onlik fuqaroning tokzori samarasizligi, hisobraqam ochmagani, o‘zboshimchalik bilan chorva mollarini boqishda foydalangani uchun olingan

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda “Men – Hadicha Umarova, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani, Yovi mahallasi, Sho‘r qishlog‘ida yashayman. Joriy yil 13 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi xususiy mulkimni tortib oldi. Vaholanki, hokimning qo‘lida xususiy mulkimning qarori va kadastr hujjatlari bor edi. Shunga qaramay, soliq to‘lamagansiz, degan bahona bilan mulkimni olib qo‘ydi. Aslida, 2019 yil hisobidan hech qanday qarzim yo‘q” mazmunida haqiqatdan yiroq ma’lumotlar e’lon qilindi.

Shunday bo‘lsa-da, ushbu masala ko‘rib chiqildi va quyidagilar aniqlandi. Aslida bunday yolg‘on ma’lumotlarning tarqatilishiga fuqaroning bog‘dan samarasiz foydalanib kelayotgani sabab bo‘lgan.

Ya’ni, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 dekabrdagi “Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz, deb topish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 1012-sonli qaroriga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumanida samarasiz foydalanib kelayotgan bog‘ va tokzorlar sohaga oid mutaxassislar ishtirokida, maxsus komissiya tomonidan o‘rganilgandi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, tumanda jami 249 gektar bog‘ va tokzorlar yaroqsiz va samarasiz deb topilib, ushbu yerlarga yangi yer maydonlari qo‘shilib, shaffof tanlovlar asosida talabgor tadbirkorlarga berilgan. Buning natijasida 324 gektar bog‘ va 157 gektar intensiv tokzorlar barpo etildi hamda tumanda 1200 dan ortiq doimiy ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan bog‘ va tokzor egalari qator oralariga poliz va sabzavot ekinlari ekish hisobiga mahsulot hajmi bir muncha ko‘payib, uning bir qismi eksportga yo‘naltirilmoqda. Bundan esa yer egalarning qo‘shimcha daromadlari ko‘paymoqda.

Bog‘ va tokzorlardan samarasiz foydalanib kelgan fuqarolar orasida H.Umarovaning ham 1 gektar, nomigagina ekilgan va hosil bermaydigan tokzori ham bor. Maxsus komissiya tomonidan o‘rganilganda, ushbu tokzor chetlari o‘ralmasdan chorva mollaridan himoyalanmaganligi, hosildorligi nihoyatda pastligi, me’yorda belgilangan ishchi o‘rinlari umuman yaratilmaganligi, belgilangan hisobotlar surunkali topshirilmaganligi, daromadi deyarli yo‘qligi, hosildan olingan daromadi biror bir joyda qayd etilmaganligi, tegishli tartibda bankdan hisobraqami ochmaganligi, qat’iy belgilangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning ayrim turlarini to‘lamaganligi, shuningdek, yerdan g‘arazli maqsadda foydalanib, o‘zboshimchalik bilan terak ekib, asosan shaxsiy chorva mollarini boqishga yaylov sifatida foydalanib kelganligi aniqlangan.

Shuncha kamchiligi bo‘lsa-da, H.Umarova odamlarni chalg‘itish uchun yolg‘on xabarlarni yozgan, aslida bu yerda uning hech qanday boshqa xususiy mol-mulki yoki bino va inshooti mavjud bo‘lmagan.

H.Umarovaning o‘sha vaqtdagi o‘rganish jarayonidan norozi bo‘lib yozgan shikoyati yuzasidan tuman hokimi A.Bahromov mart oyida uning uyiga borib, turmush o‘rtog‘i D.Davirov bilan suhbatlashgan. Suhbat davomida D.Davirov tokzordan foydalanishdagi yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklaridan xulosa qilganligini, kelgusida yerdan samarali foydalanib, intensiv usulda tokzor qilishni aytib, tuman hokimidan yerini o‘zida qoldirishni iltimos qilgan.

Shundan so‘ng uning keksa yoshdaligi va oilaviy ahvolini inobatga olib, joriy yilning kuzigacha faqat intensiv tokzor tashkil qilish sharti bilan yer maydoni fuqaroning o‘zida qoldirilgan. Tuman hokimi uning uyidan ketgach, D.Davirov shu zahoti ko‘chaga chiqib, hamqishloqlariga: “Bir marotaba “Ozodlik”ka yozganimga tuman hokimi qo‘rqqanidan uyimga kelib, yerimni o‘zimda qoldirib ketdi”, deya fitna va ig‘vo gaplar bilan maqtanishni ham esdan chiqarmagan.

Hozirgi kunda H.Umarova yerni intensiv tokzor tashkil qilish sharti bilan qaytarib olgan bo‘lsa-da, u yerdan boshqa maqsadlarda foylanib kelmoqda.

Qolaversa, qonunchilikda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qabul qilgan qarorlari fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquqlariga daxl qilsa, ular sud organlari orqali o‘zlarining buzilgan huquqlarini tiklashi mumkinligi belgilangan. Ammo H.Umarova o‘zining tokzorini samarasiz deb topilganligi yuzasidan chiqarilgan tuman hokimining qarorini bekor qilish yoki haqiqiy emas, deb topish haqida sudlarga ariza kiritmasdan, o‘zining qonun bilan qo‘riqlanadigan huquqlaridan foydalanmasdan, sudda yutishiga hech qanaqa asos yo‘qligini bilib, ig‘vo va fitna yo‘lini tutgan. Ijtimoiy tarmoqlarga yolg‘on ma’lumotlar joylashtirib, bosim o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Agarda uning huquqlari haqiqatdan buzilganda edi H.Umarova va uning turmush o‘rtog‘i sud tartibida huquqlari tiklanishini yaxshi biladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodiziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 31 maydagi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda keyingi uch yil davomida davlat mulki hisoblangan yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga qarshi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yovi mahallasi Sho‘r qishlog‘idagi yerlardan unumli foydalanish maqsadida ham shunday ishlar bajarilgan. Xususan, ushbu qishloqdagi 16 nafar fuqaroning qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy tartibda uy-joy qurganligi aniqlangan. Ushbu noqonuniy uy-joylarning ikkitasi H.Umarovaning o‘g‘illari Asliddin va Salohiddin Davirovlarga tegishli. Hozirgi kunda mazkur o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlarini qaytarish yuzasidan hujjatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, sudga yuborilmoqda.

Fuqaro H.Umarova va uning turmush o‘rtog‘i D.Davirovlar yillar davomida halol mehnat bilan daromad topish o‘rniga, o‘z manfaati yo‘lida idorama-idora shikoyat yozishni kasb qilib olishgan.

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati.