Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kimlar sudya bo‘la oladi?

Sudyalikka nomzodlarni tanlash, tayinlash “Sudlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunlar, “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi nizom, Sudyalar oliy kengashining Reglament va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, sudyalar korpusini shakllantirish sudyalik lavozimlariga nomzodlarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, ularning huquqlari tengligi asosida 3 bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich sudyalik lavozimlariga tayinlanadigan nomzodlar zaxirasiga kiritish.

Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan zaxiraga kirish uchun nomzodlar zarur bilimga, yetarli hayotiy tajribaga va benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan yuqori malakali yuristlar orasidan o‘ttiz uch yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik ixtisos bo‘yicha kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi lozim.

Nomzodlar zaxirasiga kiritilish istagini bildirgan shaxs tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan Sudyalar oliy kengashiga bevosita yoki sudyalarning tegishli malaka hay’ati orqali murojaat qilishi mumkin.

Sudyalar oliy kengashi tomonidan belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslar Kengashning qarori bilan sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasiga kiritiladi.

Kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun vakolatlari oldingi ish joyi bo‘yicha belgilangan tartibda tugatilgan, sudyalik lavozimiga munosib emasligi tufayli zaxiraga kiritishni rad etish haqida Kengash xulosasi qabul qilinganidan keyin bir yil o‘tguniga qadar zaxiraga kiritish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan shaxslar nomzodlar zaxirasiga kiritilmaydi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qishi shart.

Zaxiraga olingan nomzod Oliy maktabda belgilangan imtihondan o‘tkazilgandan so‘ng, grant asosida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida bir yillik magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qitiladi.

Ikkinchi bosqich sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash.

Bunda sudyalik lavozimlariga nomzodlarga sudyalik faoliyatini amalga oshirish va sudlar ishini tashkil etish, nazariy bilimlar, kasbiy etika, psixologiya, ishchanlik muloqoti va vaqtni boshqarish ko‘nikmalari, muzokaralar olib borish taktikasi, axborot bilan ishlash texnologiyasi, huquq normalariga sharh berish va qo‘llashni rivojlantirish, ilmiy-tahliliy va kreativ salohiyatini shakllantirishga qaratilgan dastur asosida ta’lim beriladi.

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga bir yillik magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.

So‘nggi bosqich bu nomzodni sudyalikka tayinlash.

Sudyalik lavozimlariga faqat sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanishi mumkin bo‘ladi.

Abdusattor ABDURAZZAKOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi raisi.