Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirus bo‘yicha O‘zbekistondagi holat ma’lum qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2020 yilning 12 fevral kuni olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 59833 nafar, dunyo bo‘yicha 60276 nafar fuqarolar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanib, kunlik o‘sish 34 foizni (15103 nafar) tashkil etdi. 1368 nafar fuqaro ushbu kasallikdan vafot etdi. Kasallik Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari dunyodagi 25 ta davlatda 443 nafar fuqaroda qayd etilgan.

Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi virusologiya laboratoriyasida joriy yilning yanvar oyidan boshlab 13 fevral kunigacha 837 ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirildi. Ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmadi.

I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 12 fevral kuni xorijiy davlatlardan 29 ta samolyot qabul qilinib, 3782 nafar fuqarolar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktidan 3 ta poyezdda jami 585 nafar fuqarolar, Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlari orqali 31583 nafar fuqarolar termometriyadan o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi shuni ma’lum qiladiki, joriy yilning 13 fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi qayd etilmadi.

Koronavirus infeksiyasining mamlakatimiz hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan, deya ma’lum qildi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi.