Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirus sababli xalqaro sport tadbirlari yurtimizda vaqtinchalik cheklanadi

Ilk bor Xitoyda aniqlanib, so‘ngra dunyoning ko‘plab davlatlariga kirib borgan COVID-19 koronavirusi bugun butun dunyoni tahlikaga solib turibdi. Shukrki, yurtimizda bu yuqumli va o‘ta xavfli epidemiya alomatlari aniqlanganicha yo‘q. Biroq xotirjam bo‘lish aslo yaramaydi. Chunki koronavirus ayni paytda sayyoramizning 70dan ortiq davlatiga kirib bordi.

Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, qolaversa, hukumatimiz tomonidan berilgan ko‘rsatma va tavsiyalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyrug‘i qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Respublika hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari vaqtincha to‘xtatildi. Bundan ko‘zlangan maqsad — koronavirus epidemiyasi yurtimiz hududiga kirib kelishining oldini olish bo‘lib, buyruq bilan xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolarining ishtiroki hamda tizim xodimlarining xorijiy xizmat safarlari vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, sport turlari bo‘yicha respublika sport musobaqalari (chempionat va kuboklar) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, hududiy sport musobaqalarini esa hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan kelishgan holda o‘tkazish vazifasi yuklatildi.

Bundan tashqari, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi respublika tashkilotlari va jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan targ‘ibot materiallarini chop etish va ularni e’tibor qaratiladigan joylarga ilinishini ta’minlash orqali xalqimizning tibbiy madaniyatini yuksaltirish ham ko‘zda tutilgan.

Xullas, barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilsak, COVID-19 koronavirusining yurtimizga kirib kelishi oldi olinadi.